22:20 / 08.08.2016
9813

Sun'iy intellekt bemorni saratondan xalos etdi

Yaponiyada IBM kompaniyasi muhandislari tomonidan yaratilgan kompyuter "ongi" bemorda leykemiyaning kamyob turini aniqlab, uning hayotini saqlab qolishga yordam berdi. Bir necha oy avval 60 yoshli ayolga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan, biroq sun'iy intellekt deyarli 10 daqiqada halokat bilan tugashi mumkin bo‘lgan xatoni to‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan.

Watson superkompyuteri bemorga aniq tashxis qo‘yib, uning genetik ko‘rsatkichlarini boshqa ma'lumotlar bilan taqqoslash hamda davolash muolajalarini belgilashi uchun aynan shuncha vaqt talab qilindi. NDTV telekanalining xabar berishicha, bundan avval Watson boshqa bir mijozda ham kamyob onkologik kasallikni aniqlagan. 

Dastlab Tokio universiteti qoshidagi Tibbiyot fanlari instituti olimlari ayolga o‘tkir miyeloid leykemiya tashxisini qo‘yishdi. Saratonga qarshi turli dori vositalari bilan davolash hech qanday natija bermaganidan keyin shifokorlar IBM'ga yordam so‘rab murojaat qilishga qaror qilishdi. 

Bir necha yildirki, Watson kasalliklarga tashxis qo‘yish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda davolash yo‘lini tanlash uchun shifokorlarga bir necha haftadan bir oygacha vaqt ketmoqda. Superkompyuter esa bir necha daqiqa ichida aniq natijani ko‘rsatadi. 

"Ong" juda ko‘plab ilmiy jurnallar va klinik sinovlar ma'lumotlariga kira oladi. Superkompyuter shu tariqa insoniyatning onkologik kasalliklarni davolash sohasidagi barcha bilimlarini jamlab, hattoki o‘lim yoqasidagi kishilarning hayotini saqlab qolishi mumkin. 

Watson 2011 yilda Jeopardy televiktorinasida amerikalik bilimdonlar ustidan qozongan g‘alabasidan keyin tanilib ketdi. IBM olimlari mazkur tizimni ishlab chiqarishga to‘rt yildan ortiq vaqt sarflashgan. Superkompyuter bir soniyada taxminan 80 trillion operatsiyani bajarishga qodir. Watson protsessori 2 800 yadroda ishlaydi, uning operativ xotirasi esa 16 terabaytdan iborat. 

 

Top