Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan sun’iy intellekt laboratoriyasi talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni real loyihalarda qo‘llash hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Laboratoriya tarkibida tahlil, robototexnika va bionika markazlari, startap-akselerator, to‘qqizta “aqlli” xona hamda sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorgarlik xonalari tashkil etilgan. Bu yerda sun’iy intellekt, robototexnika, “aqlli” transport, ekologiya va agrotexnologiyalar sohalarida innovatsion ilmiy-amaliy loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Tashrif chog‘ida prezidentga viloyat, shahar va tuman hokimliklarida faoliyat yuritayotgan sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilar tomonidan tayyorlangan qator startap loyihalar ham namoyish etildi.

Davlat rahbari mazkur tajribani kengaytirish, mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan sohalarga yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini keng jalb qilish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, prezident yoshlar bilan muloqot qilib, ularning g‘oya va takliflarini tingladi hamda istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.