Sport | 12:50 / 18.08.2016
47647
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh boks terma jamoasi murabbiyi  AIBA hakamlarini o‘zbekistonlik bokschilarga yon bosishda aybladi 

AQSh boks terma jamoasi bosh murabbiiy Billi Uolsh The Guardian nashriga bergan intervyusida Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) manziliga tanqid yog‘dirdi.

U o‘z shogirdlaridan biri Geri Antuan Rassell 64 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi chorak final bellashuvida o‘zbekistonlik Fazliddin G‘oibnazarovga yengilganidan keyin chiqish qilgan. Hakamlarning qarori ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi, arenada jangni kuzatgan Floyd Meyvezer esa buni «ochiq-oydin talonchilik» deb atagan.

«O‘zbekiston eng yaxshi jamoa bo‘lishi aniq. Ular barchani yengishmoqda. O‘zbek bokschilarini yengsangiz ham g‘alabani ularga berishadi», — degan Uolsh.

«Tartib-qoidalarni AIBA o‘rnatadi. Biz bokschilarimizni g‘alabaga tayyorlaymiz, ular ringga chiqishadi va ustun kelishadi, lekin g‘alabani berishmaydi. Bu 1988 yildan buyon eng yomon Olimpiada bo‘lmoqda. O‘shanda ham Roy Jonsdan finaldagi g‘alabani tortib olishgandi», — deya qo‘shimcha qilgan Uolsh.

Uning yordamchisi Key Koroma The Guardian nashrining AIBA tizimidagi poraxo‘rlik muammosi bo‘yicha o‘tkazgan jurnalistik tekshiruvini eslagan.

«Siz o‘ylab ko‘ring, aslida nima ishlar ro‘y bermoqda. Ular kim qaysi vazn toifasida chempion bo‘lishini belgilab bo‘lishgan. Men AIBA natijalarga ta'sir ko‘rsatayotganiga ishona boshladim. Bu dahshat», — deya qayd etgan Koroma.

Ismini oshkor qilishni istamagan Olimpiya chempioni The Guardian nashriga bergan intervyusida aytganki, hakamlar muammosini hal qilish uchun rahbariyatni to‘la o‘zgartirish kerak. U Xalqaro olimpiya qo‘mitasini bu muammoga aralashishga chaqirgan.

Qayd etish kerakki bu Olimpiada davomida hakamlarni qarori masalasidagi ilk mojaro emas. Bunday munozaralar rossiyalik Yevgeniya Tishchenko qozog‘istonlik Vasiliy Levitni 91 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahslarda yengganidan keyin ham paydo bo‘lgandi. Hakamlar qarori e'lon qilinganida muxlislar ularga hushtakbozlik qilishdi, keyin ular taqdirlash marosimi vaqtida ham rossiyalik bokschiga hushtak chalishdi. Muxlislarni Levitning o‘zi tinchlantirishiga to‘g‘ri keldi.

Levit intervyularidan birida hakamlarning bunday qaror qabul qilishini kutmaganini aytdi.

Tishchenko ham uning raqibiga adolatsizlik qilingan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Hakamlar qarori butun dunyo bo‘ylab muxlislar va mutaxassislarning e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Jumladan, Serxio Martines Levitni olimpiadaning haqiqiy chempioni deb atadi.

Levit — Tishchenko bahsidan tashqari yana bir jang atrofida mojaro sodir bo‘ldi. Bu rossiyalik Vladimir Nikitinning amaldagi jahon chempioni, irlandiyalik Maykl Konlanga qarshi jangi atrofida ro‘y berdi. Irlandiyalik bokschi hakamlar qarori e'lon qilinganida ularga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatdi, keyin esa AIBA tashkilotini orzularni o‘g‘irlovchi tashkilot deb atadi.

AIBA Levit — Tishchenko jangi natijasi bo‘yicha qaror qabul qilishda xatoga yo‘l qo‘yilganini tan oldi va hakamlarni chetlashtirdi. Lekin ular chiqargan qarorlar o‘z kuchida qoldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid