O‘zbekiston | 00:53 / 20.08.2016
10953
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek charmpoyabzallarining eksport hajmi joriy yilda 200 million dollarga yetishi kutilmoqda

 Milliy matbuot markazida “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tomonidan mamlakatimizda charmpoyabzal sohasini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

  Unda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sh.Sheraliyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida charmpoyabzal, charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar mazkur sanoat tarmog‘ining izchil rivojlanishida muhim omil bo‘layotganini ta'kidladi.

  Bugungi kunda mamlakatimizda qariyb 770 ishlab chiqarish korxonasi ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan teri xomashyosi qayta ishlanib, qo‘shimcha qiymatga ega poyabzal va ularning tagliklari, charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. 

Ma'lum bo‘lishicha, 2000 yilda 8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 484 milliard so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. 2000 yilda yillik poyabzal ishlab chiqarish hajmi bir million besh ming juftni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari ushbu raqamni 8 million 800 ming juftga yetkazishni rejalashtirgan.

  Har yili soha korxonalari tomonidan 500 dan ortiq poyabzal, 100 dan ziyod charm-attorlik, 50 ga yaqin yangi modeldagi charm mahsulotlari yaratilib, ishlab chiqarishga joriy qilinmoqda.
  
  Hozirgi vaqtda tarmoq mahsulotlari Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston singari o‘ndan ziyod mamlakatga eksport qilinmoqda. Joriy yilning oxirigacha eksport hajmini qariyb 200 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid