Jamiyat | 14:54 / 23.08.2016
7030
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda tezpishar ugra qamoqxonalarning asosiy pul birligiga aylandi

Tezpishar ugra AQSh qamoqxonalarida asosiy "pul birligi" sifatida tamaki o‘rnini egalladi. Bu haqda Arizona universiteti sotsiologi Maykl Gibson-Laytning nomzodlik tadqiqotida aytilgan.

O‘z tadqiqoti doirasida Gibson-Layt 60 nafarga yaqin mahbuslardan interyu olgan.

Ugrani turma pul birligi sifatida ishlatish mavzu bo‘yicha boshqa tadqiqotlarda ham qayd etilgan.

"Ramen (tezpishar lag‘mon) tezda yetkazib beriladi, u yetarlicha kaloriyaga ega. [...] Mahbuslar esa o‘z kunini sport mashg‘ulotlari va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanib o‘tkazishadi", deydi tadqiqotchi Guardian gazetasi bilan suhbatda.

Tadqiqotda ta'kidlanishicha, qamoqda ugrani turli mahsulot va xizmatlarga almashtirish mumkin. U uzoq vaqtgacha saqlanishi tufayli eng yaxshi valyuta o‘rnini bosa oladi.

"Nima bo‘lganda ham qamoqda barcha narsa pul evaziga qilinadi. [...] Faqat uning o‘rnini sho‘rva bosdi. Bu qayg‘uli,  biroq haqiqat", deydi mahbuslardan biri.

Gibson-Laytning aytishicha, qamoq pul birligi darajasiga yetgan ugra xususiy qamoqxonalar boshqaruviga joriy etiluvchi tejamkorlik chora-tadbirlariga sabab bo‘ldi. Tadqiqot qahramonlari qayd etishicha, so‘nggi yillar ichida taomlar miqdori va sifati keskin tushib ketdi.

Biroz oldinroq AQSh Adliya vazirligi mamlakatdagi barcha xususiy qamoqxonalarni yopish rejasi mavjudligi haqida ma'lum qilgandi.

Tekshiruvlarda aniqlanishicha, xususiy qamoqxonalarda xavfsizlik darajasi davlat qamoqxonalaridagi kabi emas. Shuningdek, xususiy qamoqxonalarda zo‘ravonlik darajasi yuqori.

Taqqoslash uchun, Rossiyadagi qamoqxonalarda an'anaviy "valyuta" sigaret, choy va shakar ekani haqida aytilgan.

Mavzuga oid