Jahon | 18:29 / 23.08.2016
6466
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning yangi elchisi Ukraina xalqiga videomurojaat yo‘lladi

AQShning Ukrainadagi yangi elchisi Mari Yovanovich ukrainaliklarga videomurojaat yo‘lladi. Video diplomatik missiyaning YouTube-kanalida namoyish etildi.

"Ukrainaga qaytayotganimdan juda xursandman. U yerda yashash va ishlash menga juda yoqar edi. Itim bilan mamlakat bo‘ylab sayohat qilish, eski qadrdonlar bilan uchrashish va yangilari bilan tanishishni, haqiqiy vareniklarni yeyishni intiqlik bilan kutyapman", - deydi Yovanovich. 

Diplomat ayolning ma'lum qilishicha, u Ukrainada 88 yoshli onasi bilan birga yashaydi. 

Bundan tashqari yangi elchi Ukrainaning so‘nggi ikki yildagi yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi. "Biroq hali ko‘p ish qilish kerak. Umid qilamanki, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun sizlar bilan hamjihatlikda harakat qilamiz. Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin!", - deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi Yovanovich. 

AQSh prezidenti Barak Obama 2016 yilning may oyida Yovanovichni elchi lavozimiga taklif qildi. Iyul oyida Senat uning nomzodini tasdiqladi. U 2013 yilning avgustidan Ukrainada elchi lavozimida faoliyat olib borgan Jyeffri Payyettning o‘rnini egallaydi. 

Yovanovich bunga qadar Qirg‘iziston va Armanistondagi diplomatik missiyalarni boshqargan. Ukraina OAVning ma'lumotlariga ko‘ra, diplomatning Kiyevga yuborilishiga uning 2001-2004 yillarda bu mamlakatda missiya rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagani sabab bo‘lgan. U rus tilida erkin gaplasha oladi. 

Mari Yovanovich 1958 yilda Kanadada tavallud topgan. Uning oilasi Mari 3 yoshligida Amerikaga ko‘chib kelgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid