Jamiyat | 15:34 / 05.09.2016
6681
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologlar: Sharqiy gorillalar yo‘qolib ketish xavfi ostida

Sharqiy gorilla nomi bilan mashhur bo‘lgan Kongo Demokratik respublikasi hududida yashovchi maymunlar yo‘qolib ketish arafasida. Bunga jonivorlarni noqonuniy ravishda ovlash sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Tabiat va tabiiy resurslarni qo‘riqlash xalqaro ittifoqi (ICUN)ning Gonoluluda o‘tgan konferensiyasi vaqtida mutaxassislar ma'lum qilishgan.

1994 yildagi hisoblarga ko‘ra, bunday jonivorlar soni 20 mingga yaqin edi.

Ayni vaqtda butun dunyo bo‘ylab jami 4000 atrofida Sharqiy gorillalar yashaydi. Shu vaqtgacha "Qizil kitob"da "xavf ostidagi turlar" maqomida bo‘lgan bu jonivorlar endilikda "yo‘qolib borayotgan jonivorlar" sifatida qaralmoqda.

Shimpanze va bonobo (mitti shimpanze) turlari ham "yo‘qolib borayotgan jonivorlar" sirasiga kiritildi.

"Sharqiy gorilla turi amalda yo‘q bo‘lib borayotganini ko‘rish juda ayanchli", degan ICUN bosh direktori Inger Andersen.

Keyingi 20 yildagi harbiy harakatlar, noqonuniy ovlash, qochqinlarning yangi hududlarga ko‘chib joylashishi - Sharqiy gorillalarning 70 foizga qisqarishi omillari bo‘ldi.

"Qizil kitob"ga hayvonot va nabodot dunyosining 82 ming 954 turi kiritilgan. Shundan 23928 tur yo‘qolib ketish arafasidagi turlardir.

Mavzuga oid