O‘zbekiston | 16:48 / 07.09.2016
23548
3 daqiqa o‘qiladi

General Do‘stum: Islom Karimov vafoti O‘zbekiston xalqi va mintaqaning barcha davlatlari uchun katta yo‘qotish

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining birinchi o‘rinbosari, Afg‘oniston Milliy islomiy harakati partiyasi raisi va Afg‘oniston turkiy millatlar rahbari, general Abdurashid Do‘stum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bevaqt vafot etgani munosabati bilan ta'ziya izhor etdi. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi ma'lum qildi.

«Do‘st va birodar O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov Janobi Oliylarining vafoti haqida qayg‘uli xabardan voqif bo‘ldim. Ushbu maktubim orqali O‘zbekiston hukumatiga, O‘zbekiston Prezidentining oila a'zolariga hamda do‘st va birodar o‘zbek xalqiga o‘zimning chuqur ta'ziyamni bildirar ekanman, Alloh Taolodan marhumning joylarini jannatdan ato etishini, uning oila a'zolariga va butun o‘zbek xalqiga sabr-bardosh berishini so‘rayman.

Shubha yo‘qki, Islom Karimov mintaqa va jahonning nufuzli siymolaridan biri bo‘lib, uzoq yillar davomida o‘z mamlakatining tinchligi va xavfsizligini ta'minlashga hamda har tomonlama taraqqiy topishiga ulkan hissa qo‘shdi.

U mintaqada yuzaga kelgan o‘ta murakkab vaziyatlarni hal qilishda muhim o‘rin tutdi, turli qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘layotgan Afg‘oniston xalqining eng yaqin do‘sti bo‘lib qoldi.

Men O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafotini O‘zbekiston xalqi va mintaqaning barcha davlatlari uchun katta yo‘qotish, deb bilaman. U kishi oramizda bo‘lmasa-da, xotirasi qalbimizda abadiy saqlanadi.

Islom Karimov Afg‘oniston og‘ir vaziyatga tushganda, mamlakatda yuzaga kelgan urush barchamizning tinch hayotimizga tahdid solgan paytda doimo Afg‘oniston xalqi bilan yonma-yon turdi.

Umidvormanki, bundan keyin ham do‘st va birodar O‘zbekiston xalqi Islom Karimov tomonidan boshlab berilgan va kelajak avlodlarga meros qoldirilgan aniq yo‘lda ziyraklik va jasorat bilan harakatlanadi hamda o‘z mamlakatining tinchligi va xavfsizligini ta'minlaydi», — deydi general Abdurashid Do‘stum.

Mavzuga oid