Jahon | 21:57
820
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga gaz majmuasidagi fojia yuzasidan ta’ziya yo‘lladi

21 iyun kuni Qatarning suyultirilgan tabiiy gazni (STG) qayta ishlash inshootidagi kuchli portlash va yong‘in oqibatida ko‘plab qurbonlar bo‘lgan edi.

Foto: Enikos

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga Ras-Laffan sanoat zonasidagi gazni qayta ishlash majmuasida sodir bo‘lgan kuchli portlash va yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi.

Davlat rahbari qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlar tez orada shifo topishini tiladi.

21 iyun kuni kechqurun Qatarning suyultirilgan tabiiy gazni (STG) qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha asosiy markazi bo‘lgan Ras-Laffan sanoat zonasidagi Barzan gaz ta’minoti inshootida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘ldi.

Qatar Ichki ishlar vazirligi va QatarEnergy ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oldingi shikastlanishlardan so‘ng ishlab chiqarish operatsiyalarini boshlash paytida sodir bo‘lgan. Yong‘in tezda qurshab olinib, nazoratga olindi, aholiga xavf tug‘diruvchi xavfli moddalarning sizib chiqishi kuzatilmadi.

13 kishi halok bo‘ldi, 66 kishi yaralandi, ularning aksariyati chet ellik ishchilardir. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

QatarEnergy portlash texnik xususiyatga ega bo‘lib, tashqi ta’sir yoki sabotaj bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Ras-Laffan - dunyodagi eng yirik suyultirilgan gaz markazlaridan biri. 2026 yil mart oyida majmua allaqachon Eron tomonidan raketa hujumiga uchragan, bu esa sezilarli zarar va ba’zi quvvatlarning to‘xtab qolishiga olib kelgan. Hozirgi voqea ta’mirdan keyin ishni davom ettirishga urinishlar fonida sodir bo‘ldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid