Jamiyat | 12:31 / 07.09.2016
8576
3 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda “Atlas bayrami” festivali boshlandi

Marg‘ilonda 6 sentabr kuni “Atlas bayrami” festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida yosh hunarmandlar uchun uch kunlik mahorat darslari tashkil etildi. «Ucell» kompaniyasi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, joriy yilda kompaniya ham mazkur tadbir tashkilotchilari va hamkorlari qatoridan o‘rin oldi.

Festival yosh hunarmandlar uchun to‘qimachilikning an'anaviy kashtado‘zlik, tabiiy bo‘yoqlar, liboslar dizayni turlari bo‘yicha mahoratini oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar, marketing va kommunikatsiya yo‘nalishida ko‘plab trening mashg‘ulotlarini o‘z ichiga olgan. Mashg‘ulotlar dasturini akademik Akbar Hakimov va san'atshunos Binafsha Nodir ochib berdi. «Ucell» kompaniyasi, shuningdek, internetning globallashuvi va axborot bilan ishlashga qaratilgan ma'rifiy dasturini ham taqdim etdi.

Anjuman doirasida “O‘zbek to‘qimachiligi va barqaror rivojlanish” mavzuida davra suhbati, “Marg‘ilon osmoni ostida”, “Jahon to‘qimachiligi: Sharq va G‘arb” nomli ko‘rgazmalar, Iveta Vetsenanening shaxsiy ko‘rgazmasi, “Hunarmandlar shaharchasi” yarmarkalari bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, o‘zbek modelerlari va YuNeSKO vakili Bibi Rasselning shou-defilesi tashkil etiladi.

– Bugungi kunda ta'lim sifati, darajasi va mahoratni yanada oshirish masalasi dolzarb ahamiyatga ega, – deydi «Ucell» kompaniyasining korporativ kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Rodika Verbenyuk. – Shuni inobatga olgan holda, biz xalq ustalari va hunarmandlar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladik. O‘zbekiston an'anaviy to‘qimachilik san'ati o‘z naqshlari, mato va tabiiy bo‘yoqlarining jozibasi bilan har qanday kishini maftun etadi. Bizning kompaniyamiz esa milliy hunarmandlik turlarini internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ommalashtirishda keng imkoniyatga ega. Usta-hunarmandlar ko‘p asrlik an'analar va zamonaviy bilimni o‘zida mujassam etgan o‘quv mashg‘ulotlarida bilim va ko‘nikmalarini boyitishi. ularni o‘z ishini yanada rivojlantirishda qo‘llashi va shu orqali oilasining iqtisodiy farovonligini oshirishi mumkin.

Festival doirasida 9-10 sentabr kunlari kurash bellashuvlari, askiyachilar va dorbozlar chiqishlari, “Devzira” osh tanlovi va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.

Mavzuga oid