Texnologiya | 10:48 / 15.09.2016
5781
2 daqiqa o‘qiladi

Angliyada yig‘iluvchi vezdexodlar yaratildi

Angliyadagi Global Vehicle Trust kompaniyasida OX deb nomlangan yuk mashinalari ishlab chiqarila boshlandi. Inhabitat nashrining ma'lum qilishicha, bu yuk mashinalari 6 soat ichida mustaqil ravishda yig‘ilishi mumkin bo‘lgan dunyodagi birinchi yig‘iluvchi vezdexodlar hisoblanadi. Inglizlar yuk mashinasini arzon va foydali qilib yaratishdi. Mashina yaratuvchilarining aytishicha, bunday noodatiy yechim rivojlanayotgan davlatlarda qo‘l keladi – u yerda birinchi navbatda tashqi ko‘rinish emas, balki narx va yuk mashinasining o‘tuvchanligi qadrlanadi. Biroq, OX’ning ko‘rinishi ham chakki emas. 

Kompaniya asoschisining aytishicha, kompaniyaning asosiy g‘oyasi yo‘lovchilar va yuklarni tashish mumkin bo‘lgan arzon avtomobillar yaratishdan iborat. Yangi vezdexodlarning asosiy afzalligi uning mobilligidir. Bu mashinadan bir nechtasiga buyurtma berib, qisqa vaqtda yig‘ib, foydalanish mumkin. Mashinani yig‘ish uchun o‘rtacha 12 soat ketadi, biroq haddini egallaganlar buni 6 soatda uddasidan chiqa oladilar. 

6 ta shunday yuk mashinasi 12 metrlik kub shaklidagi konteynerga sig‘adi, uni yig‘ish uchun esa alohida malaka talab etilmaydi. Har bir yuk mashinasi 1,8 tonna yuk tashiy oladi. 

Hozircha yuk mashinasini ommaviy ravishda ishlab chiqarish haqida gap ketmayapti, biroq uning ishchi prototipi Londonda namoyish qilinmoqda. Kompaniya vakillari yuk mashinasi ishlab chiqarish liniyasini tez orada ishga tushirish niyatida investorlar bilan muzokaralar olib bormoqdalar.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid