Ashxobodda Barqaror Transport bo‘yicha birinchi Global konferensiyasiga bag‘ishlangan media-forum yakunlandi
Shu yilning 26-27 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobodda BMTning Barqaror Transport bo‘yicha birinchi Global konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Uning ishida BMT bosh kotibi Pan Gi Mun, BMTning turli tuzilmalari rahbarlari, jahon mamlakatlarining Transport vazirlari ishtirok etishi kutilmoqda. Global konferensiya oldidan kuni kecha Ashxobod shahrida Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan media-forum tashkil etildi. Unda dunyo mamlakatlaridan kelgan 20dan ortiq axborot agentligi, 30ga yaqin gazeta va jurnallar, o‘nlab teleradiokanal vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda, shuningdek, yirik xalqaro tashkilotlar, jumladan YeHXT, MDH, BMT, ShXT, EKO, Islom Hamkorlik tashkiloti ekspertlari, fan va biznes namoyondalari ham ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari jahondagi transport tarmog‘ida yuz berayotgan olamshumul hodisalarga o‘z e'tiborlarini qaratishdi.
Shuni ta'kidash kerakki, media-forum ramzini yaratishga alohida e'tibor qaratilgani ko‘rinib turibdi. Ramzda Yer shari, uning atrofini esa, quruqlik, temiryo‘l, suv, havo yo‘llari o‘rab turibdi. Anjuman uchta sessiyaga bo‘lingan holda bo‘lib o‘tdi. Bu sessiyalarda keng qamrovli masalalar muhokama qilindi. Jumladan, transportni rivojlantirish borasida Turkmaniston tomoni ilgari surgan tashabbuslarga yuqori baho berildi. BMTning Iqtisodiy komissiyasi Yevropa Ijroiya qo‘mitasi kotibining o‘rinbosari Andrey Vasilev transportning savdo, turizm, mamlakatlarning iqtsodiy taraqqiyotidagi, mintaqalar hamkorligidagi o‘rni haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. BMTning iqtisodiy va maxsus komissiyasining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi submintaqaviy bo‘limi raisi Tiziana Bonapas ham o‘z so‘zida transportni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga qaraganda, yer yuzida qazib olinayotgan neftning 60 foizi transportlarning harakati uchun sarflanadi. Shu sababli ham atrof-muhitini ifloslantirmaslik borasida bu borada bir qator ishlarni amalga oshirish davr taqozosidir. U o‘z so‘zida ekologiyaga zaharli gazlarni chiqarishni oldini olish maqsadida Ashxobod shahrida bir qator ijobiy yutuqlar qo‘lga kiritilganini ta'kidlab o‘tdi. Bu borada shahar ko‘chalarining kengligi, tirbandliklarning oldini olish maqsadida yer osti, yer usti yo‘llarining qurilganiga alohida urg‘u berildi.
Turkmaniston vakillari mamlakatda qurilayotgan avtomobil, temir yo‘llar haqida atroflicha ma'lumot berishdi. Ular dengiz portlari, yangi aeroportlar qurilayotgani, eskilari esa tubdan ta'mirlanayotganini faxr bilan ta'kidladilar.
Bugungi kunda transport vositalari kun sayin ko‘payib bormoqda. 2050 yillarga borib avtomobillar soni ikki barobar ko‘payishi bashorat qilinadi. Ishtirokchilar yo‘l transport hodisalari ham global muammolardan biri ekanini ta'kidlashar ekan, “transport muammo sifatida emas, balki muammolarni bartaraf etuvchi omil bo‘lishi kerakligini qayd qilib o‘tishdi. Tadbir doirasida noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan global konferensiya kun taribiga kiritilishi kerak bo‘lgan masalalar yuzasidan maslahat va takliflar berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, media-forumda insoniyat oldida turgan dolzarb masalalardan biri bo‘lmish – 21 asrning global transport tarmog‘ini yaratish borasida bir yoqadan bosh chiqarib, hamkorlikda ishlash zarurligi ta'kidlandi.
Sharofiddin To‘laganov
Mavzuga oid
11:49 / 06.11.2024
Ayrim shaxslarga temiryo‘l transporti va avtobus uchun bepul chiptalar beriladi
21:50 / 10.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Ashxobodga yetib bordi
11:00 / 26.09.2024
Bishkekda davlat xizmatchilariga shaxsiy avtomobilda ishga borish cheklandi
12:50 / 21.09.2024