Die Welt: Rossiya jahon sahnasiga jangovar kayfiyatda qaytmoqda
Rossiya jahon siyosat sahnasiga qaytayapti, bu iqtisodiyotining tiklanishi, Suriya inqirozini hal etishdagi ishtiroki hamda AQShdagi saylovoldi poygasiga aralashuvida ko‘rinmoqda, deb fikr yuritishgan Die Welt nashrining Shtefan Boytelsbaxer va Xolger Tsshepits kabi sharhlovchilari.
Maqolada qayd etilishicha, endilikda Rossiyasiz Suriya muammosini hal etish xususida fikr yuritish mumkin emas. Mamlakat jahon iqtisodiyotida ham o‘z o‘rnini egallab borayapti. Garchi neft narxi arzonligiga qaramay, Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatning xom-ashyoga qaramligini qisqartirishning uddasidan chiqqan ko‘rinadi. Shu bilan iqtisodiy natijalar tobora yuksalmoqda.
Ikki yillik pasayishdan so‘ng, 2017 yilda Rossiya iqtisodiyotining o‘sishi kutilmoqda. Davlat valyuta zaxiralari hajmi ham oshib borayapti, deb yozmoqda mualliflar. Inqirozning 2015 yil bahoridagi eng cho‘qqi pallasidan so‘ng, davlat jamg‘armasi yana 40 mlrd dollarga boyidi. Kredit bozorlari aksiyadorlarining fikricha, vaziyat asta-sekin barqarorlashadi. Ularning aytishicha, kelasi yilda bankrotlik ehtimoli 12 foizni tashkil etadi, bu Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilgan 2014 yildan beri eng past ko‘rsatkichdir. Milliy valyuta - rubl kursi ham dollarga nisbatan 14 foizga mustahkamlandi. Rossiya fond birjasi 13 foizga ko‘tarildi. Reyting agentliklari Rossiyaga nisbatan prognozlarini ijobiy tomonga o‘zgartirishdi.
Rossiyaning qaytayotgani Amerika saylovoldi kampaniyasiga aralashayotganida ham o‘z aksini topmoqda, deyiladi maqolada. Rossiya bir necha o‘n yillar mobaynida ilk marotaba Oq uy rahbarligi uchun poygada ahamiyatli o‘rin tutmoqda. Demokratlar partiyasi nomzodi Hillari Klinton Kreml ma'muriyatini tanqid qilishdan tingani yo‘q, uning respublikachi raqibi Donld Tramp esa, aksincha, Putinni maqtash bilan ovora. AQShning bayonot berishicha, Moskva o‘z kuchini his qilgani bois, bu kurashga ham aralashayapti. O‘z navbatida, Putin AQSh saylov jarayonining adolatli ekanini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Aslida ham, ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklarning teng yarmi saylovlardagi ovoz sanalishi adolatli bo‘lishiga ishonmaydi. Shunday ekan, tobora keskin tus olayotgan prezidentlik poygasi natijasiga tashqi omil sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozishgan mualliflar.
«Tramp va Klintonning saylovoldi kurashi yanada keskinlashmoqda. Shu bois, tashqi siyosiy omillar, masalan ruslar tomonidan faol ravishda yodga solinayotgan elektron maktublar bilan bog‘liq holatlar hal qiluvchi kuchga aylanishi mumkin», — degan Amerikaning «Yevrosiyo» tahliliy markazi asoschisi Ien Bremmer.
Ammo, Klinton xonim qanchalik ayblamasin, Rossiyaning Amerika saylov jarayoniga naqadar aralashayotgani noma'lumligicha qolayapti, deya xulosa qiladi sharhlovchilar. Biroq, ularning fikricha, Moskva xohlasa, buni qanday amalga oshirishni juda yaxshi biladi.
Mavzuga oid
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:46 / 14.11.2024
“Abadiy ximikatlar” yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
15:42 / 14.11.2024