McLaren avtomobilsozlik kompaniyasi Apple bilan muzokaralar olib borayotganini inkor qildi
Buyuk Britaniyaning sport avtomobillari ishlab chiqaruvchi McLaren kompaniyasi o‘z biznesini sotish bo‘yicha Apple kompaniyasi bilan muzokaralar olib borayotgani haqidagi axborotni inkor qildi.
"Biz McLaren Apple bilan qandaydir mumkin bo‘lgan investitsiyalar haqida muzokaralar olib bormayotganini tasdiqlashimiz mumkin", deb aytdi kompaniya vakili. Shu bilan birga, u McLaren "turli tomonlar bilan maxfiy uchrashuvlar" o‘tkazib turishini ta'kidlab o‘tdi.
21 sentabrda Financial Times nashri o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda Apple bir necha oydan beri McLaren’ni sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma'lum qilgan.
Nashrning ta'kidlashicha, Apple hech qachon avtomobil ishlab chiqarish niyatidaligini ma'lum qilmagan bo‘lsada, 2016 yil boshida ehtimoliy loyiha uchun apple.car va apple.auto kabi bir nechta domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazgani ma'lum bo‘lgan.
2016 yil boshlarida Apple Xitoyning taksi chaqirish xizmati Didi Chuxing’ga milliard dollar sarmoya kiritgandi.
McLaren Automotive avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasi McLaren Technology Group’ning bir qismi hisoblanadi. McLaren Technology egalari McLaren Automotive’ning 80 foizini nazorat qiladi. McLaren sport avtomobillarining narxi million dollarga yaqin turadi. 2015 yilda kompaniya 1654 ta avtomobil ishlab chiqarib, 450 mln funt sterling tushum olgan.