Jahon | 06:59 / 22.09.2016
5337
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva viloyatida favqulodda vaziyatlar vazirligi vertolyoti falokatga uchradi

Rossiyaning Moskva viloyatida favqulodda vaziyatlar vazirligiga tegishli Mi-8 vertolyoti falokatga uchradi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, favqulodda holatga vertolyotni boshqarishdagi xatolik va texnikaning ishlamay qolgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Vertolyot Lyuberetsk tumanidagi Oktyabrskiy aholi punkti yaqinida qulagan. Voqea joyida shoshilinch xizmatlar xodimlari ish olib borgan. Yerda qurbonlar va vayronalar bo‘lmagan.

Ma'lum qilinishicha, vertolyot ekipaji o‘ta og‘ir vaziyatlarda qutqaruv texnologiyasini sayqallash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulot parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgan. 

Vertolyot qulagandan keyin yonib ketgan. Qutqaruvchilarning aytishicha, vertolyot butkul vayron bo‘lgan.

"Interfaks" axborot agentligi manbasining aytishicha, mashg‘ulot o‘tayotgan uchuvchi murakkab ob-havo sharoitlarida mo‘ljalni to‘g‘ri ololmagan bo‘lishi mumkin, biroq vertolyot qulashi vaqtida uni turar joy hududi ustidan olib ketishga qaror qilgan.

Vertolyot ekipajining barcha uch a'zosi halok bo‘lgan.

Rossiya FVVda ma'lum qilinishicha, vertolyot bortida ekipaj sardori, FVVning Jukovskiy aviatsion-qutqaruv markazi rahbari 38 yoshli Roman Frolov, ikkinchi uchuvchi, uning o‘rinbosari 42 yoshli Dmitriy Arsentev, bort-muhandis 32 yoshli Maksim Filippov bo‘lgan.

Vazirlikda ta'kidlanishicha, bu uchuvchilar ko‘plab og‘ir qutqaruv operatsiyalarida ishtirok etganlar va yuqori malakali mutaxassislar bo‘lganlar.

"Bu Rossiya FVV aviatsiyasi uchun, uchuvchilarning yaqinlari va oilalari uchun dahshatli fojiadir. Insonlar hayotini qutqarish burchi bo‘lgan katta professionallar hayotdan ketdilar", deb aytildi FVVda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid