Jamiyat | 17:00 / 22.09.2016
26773
5 daqiqa o‘qiladi

Naqd pul mojarosi: keyingi bekat – Bank!

Har bir mamlakatda qabul qilingan qonunlar o‘sha jamiyat manfaati, rivojlanishi va insonlar turmush tarzini yanada farovonlashtirishga xizmat qiladi. Ana shu qonunlar asosida jamiyat poydevori mustahkamlanadi.

O‘zbekistonda ham turli sohalar singari bank sohasida ham bir nechta qonunlar qabul qilingan bo‘lib, ular mijoz va bank o‘rtasidagi munosabatlarga oydinlik kiritadi.

Masalan, “Banklardagi depozit hisob-varaqlardan naqd pul to‘lovlarini uzluksiz ta'minlash kafolatlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida (pq-147)  shunday deyiladi: “Tijorat banklari va ularning filiallari aholi hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning mablag‘larini depozitlarga jalb etib, ularni aylanmaga qo‘yib va shu hisobdan bank daromad olib, amalda omonatchilar hisobiga manfaat ko‘rib, ayni vaqtda o‘zlarining omonatchilar oldidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyatlarini aniq bajarmasdan, ularning qonuniy talablari va ehtiyojlariga befarq qarayotganliklari, buning ustiga omonatchilarning buyurtmalarini qondirish chog‘ida o‘z mavqeini suiiste'mol qilib, ularning manfaatlarini pisand qilmasliklari mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatlar deb hisoblansin”.

Qarordagi bu gaplar O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi barcha tijorat banklarga taalluqlidir, biroq bu gapdan ulardan ayrimlarining xabari yo‘q nazarimizda. Bunday deyishimizga asoslar yetarli...

Qaror hajmi kattagina, ayni damda uni sharhlashga hojat yo‘q. Ammo bilganimiz shuki, ushbu banklarda ishlovchi xodimlari mijoz bilan munosabatda o‘zlarini xuddi chayqov bozoridagi kabi tutishlaridir, ya'ni qanday: siz biror ish bilan borasiz, ular esa “erta keling, indin keling, bugun u xodimning qorni og‘rib qoldi, bugun mijoz ko‘p, bugun kompyuter ishlamay qoldi, erataga yuz foizlik javob bilan bajariladi”, kabi gaplarni eshitib, hayron qolasiz. “Men o‘zi qayerdaman?”, degan savol yoprilib keladi. Shu bankka million-million pullaringni ishonsang-u, u bo‘lsa sizni yosh boladek axmoq qilsa, dodimni kimga aytay, deb qolasiz. Ammo dodingizni faqat mana shu bank eshitadi va yuqoridagi javoblar bilan sizni “siylaydi”.

Bizni bu vaziyatga diqqatimizni qaratishimizga “Davr bank” Amaliyot boshqarmasidagi (MFO 00981) holatlar sabab bo‘ldi. Naqd pul olish uchun borganimizda, u yerdagilar chunonam “hunar” ko‘rsatishdiki, buni hatto darbozlar ham uddalay olishmaydi. Xodimlar maoshiga qo‘shib naqd pul berish ilinjida bank eshigiga bosh suqdik. Shu o‘rinda bir gap: bunga o‘xshash banklarning o‘z “stavkasi” bor. Hisob-raqamdagi pulning istagan foizini naqd pul qilib berishadi va bu istak 30 foizdan oshmaydi. Ammo shunga ham o‘n kunlab yuguriladi, yig‘lab-siqtaladi, “katta og‘a”lar o‘rtaga suqiladi, ishqilib ona suti og‘izga keladi.
Bu yerda ham shu ahvol. Bizning yig‘lashga na ko‘z yoshimiz bor va na “katta og‘alarimiz”, shu sabab bo‘zchining mokisidek qatnay boshladik. Shunga yarasha ishlar bitsa, mayli edi, biroq “mokiligimiz” hamon davom etmoqda.

Bu nima?

“Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun”, degan gapga qarshi borishmi? Yoki bankirlik byurokratiyaning bir ko‘rinishi deganimi?
Bu qoidalarga, banklarning o‘zlari biladigan sirlarga tushunmaymiz, tushinishni ham istamaymiz. Bilganimiz, qonunlarga har bir tashkilot, har bir shaxs so‘zsiz bo‘ysinishidir. Bo‘lmasa, qog‘ozdagilar qonunlar emas, qoralamalar bo‘lib qolmaydimi?

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid