Ko‘chmas mulk | 13:30 / 12.02.2026
4217
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda uy-joy va avtomobil xaridi 1 apreldan naqd pulsiz shaklga o‘tadi

2026 yil 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalarini sotish va sotib olish faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. 

Foto: Kun.uz 

1 apreldan ko‘chmas mulk va avtomobilni naqd pulga sotish to‘xtatiladi. Bu bo‘yicha «Ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibi to‘g‘risida»gi nizom loyihasi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, ko‘chmas mulk obekti va transport vositasini notarial tartibda oldi-sotdi qilishda xaridor, sotuvchi yoki ularning vakili o‘zaro kelishuvga erishgandan so‘ng, xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.

Bank tomonidan ariza asosida eskrou hisobvarag‘i shartnomasi tuziladi va eskrou hisobvarag‘i ochiladi. Eskrou hisobvarag‘i shartnomasida tomonlarning huquq va majburiyatlari, oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda tasdiqlangandan so‘ng, mablag‘larni sotuvchining yoki uning vakiliga topshirish, shuningdek, eskrou hisobvarag‘i shartnomasini bekor qilish shartlari ko‘rsatilishi kerak.

Avvalroq, «Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingandi.

2026 yil 1 apreldan boshlab quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:

  • davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
  • alkogol va tamaki mahsulotlari;
  •  transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
  • qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
  • ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilangandi, jumladan:

  • yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;
  • savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish.

Barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi. 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid