Jahon | 08:35 / 26.09.2016
9717
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya vakilining nutqi vaqtida uchta davlat vakili BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan chiqib ketdi

AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyaning BMTdagi doimiy vakillari 25 sentabrda BMT Xavfsizlik kengashining Suriya bo‘yicha yig‘ilishini Suriyaning BMTdagi doimiy vakili Bashar Jafariy o‘z nutqini boshlashi bilanoq tark etdilar. 

Samanta Pauer, Metyu Raykroft va Fransua Delattr shu tariqa Damashqning rasmiy pozitsiyasiga noroziliklarini bildirdilar.

Jafariy o‘z nutqida istalgan siyosiy yechim agar zarur shartlar terrorchilikka qarshi sa'y-harakatlar faollashishi orqali shakllantirilsa muvaffaqiyatli bo‘lishini aytdi. "Terrorchilikka qarshi haqiqiy urush hali boshlanmagan", deb aytdi Jafariy.

BMT Xavfsizlik kengashining 7777-sondagi yig‘ilishi Halabdagi vaziyatning og‘irlashishi sababli AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya tashabbusi bilan chaqirtirildi. Ma'lum qilinishicha, 19 sentabrdan beri u yerda amalga oshirilgan aviazarbalar oqibatida 200 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan.  

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ixtilofning barcha tomonlarini "dahshatlarga chek qo‘yish uchun faolroq ishlashga" chaqirdi. Pan Gi Mun Halab "Suriya ixtilofi boshidan beri eng uzoq va jadal bombardimonlarga uchrayotganini" ta'kidlab o‘tdi.

Bosh kotib aviazarbalar berish vaqtida beton yoki temir-beton himoyaga ega obektlarni vayron qilish uchun mo‘ljallangan betonni yorib o‘tuvchi aviatsion bombalar qo‘llanayotganiga e'tiborni qaratdi.

"Esdan chiqarmaylik: janglar sababli shifoxona va maktablar yerto‘lalarda ishlashga majbur bo‘lmoqda. Bu bombalar bunkerlarni emas, xavfsizlikka umid ilinjida oxirgi ishonchli boshpana qidirayotgan oddiy odamlarni yo‘q qilmoqda", deb aytdi BMT bosh kotibi. 

 

Mavzuga oid