Ma’lum qilinishicha, 6 martga qadar davom etadigan sessiyada ishtirokchilar 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni baholash indikatorlari tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qiladi. Shuningdek, rasmiy statistikani ishlab chiqishda sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.

Forum doirasida taraqqiyot va farovonlikni yanada kengroq baholashga qaratilgan Beyond GDP (YaIMdan tashqari) konsepsiyasi muhokama qilinishi, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga oid statistik ma’lumotlarni milliy hisobotlarga integratsiya qilish bo‘yicha ekspertlar fikr-mulohazalar almashishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasining sessiyadagi ishtiroki mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari davrida alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayon BMTning eng so‘nggi xalqaro tavsiyalari asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, sessiya doirasida BMT Statistika bo‘limi rahbariyati va yetakchi ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

2025 yil aprel oyida O‘zbekiston tarixda ilk marta 2026–2029 yillar uchun BMT Statistika komissiyasining to‘laqonli a’zosi etib saylangan edi.