Jahon | 00:36 / 26.09.2016
5572
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyaning BMTdagi doimiy vakili jangarilar kimyoviy qurol bilan ig‘vogarlik uyushtirmoqchiligini aytdi

"Ahror ash-Shom" terrorchilik guruhi jangarilari zaharlovchi moddalar bilan hujum uyushtirib, so‘ngra bunda Suriya armiyasini ayblamoqchi. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashining Suriya bo‘yicha shoshilinch yig‘ilishida Suriyaning BMTdagi doimiy vakili Bashar Jafariy aytdi. 

"Menda "Ahror ash-Shom" jangarilari Suriya davlati va armiyasiga qarshi soxta ayblovlarni qo‘yish uchun tinch aholiga oq fosfor qo‘llagan holda hujum uyushtirmoqchiligi haqidagi axborotga egaman", deb aytdi Jafariy. 

Uning aytishicha, jangarilar buning uchun Suriya qurolli kuchlari kiyimiga kiyinib, hujumni videoga hujjatlashtirmoqchi.

Jafariyning aytishicha, amerikalik mutaxassislar Idlib viloyatidagi Sarakib tumanida joylashgan terrorchilarning zaharli moddalar saqlanuvchi omborxonasiga tashrif buyurgan, so‘ngra Suriyani Turkiya orqali tark etgan.

Suriya armiyasi 22 sentabrda Halabga hujum boshladi. Bundan avval Moskva va Vashington o‘rtasidagi kelishuvlarga ko‘ra yarashuv haftaligi o‘rnatilgandi. Biroq 19 sentabrda avval isyonchilar, so‘ngra Suriya armiyasi jangovor harakatlarni boshlashlarini ma'lum qilishgan.

 

Mavzuga oid