16:58 / 26.09.2016
12818

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2016 yil 23 setyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonunning 18 moddasiga muvofiq,  O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi 523–II-sonli Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Unga ko‘ra, 
Senat qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma'ruzasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi hamda fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi, ushbu fikrlar va takliflar Senat majlisida majburiy ravishda hamda har tomonlama muhokama qilinishi lozim. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma'ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Senat qaror qabul qiladi, unda hukumatning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim masalalarini hal etishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bo‘lishi mumkin. 
Senatning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma'ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilgan qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi. 

Senat qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining hisobotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi hamda fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi, fikrlar va takliflar Senatning majlisida majburiy ravishda hamda har tomonlama muhokama qilinishi lozim. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining hisobotini eshitish yakunlari bo‘yicha Senat qaror qabul qiladi, unda hukumatning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalariga doir faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bo‘lishi mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining hisobotini eshitish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Senatning qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi. 

Mavzuga oid
Top