Jahon | 08:33 / 05.06.2026
2154
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirish sari qadam tashladi

AQSh Kongressining Vakillar palatasi Ukrainaga yordam ko‘rsatish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat kuchga kirishi uchun endi Senat tomonidan ham tasdiqlanishi lozim.

Foto: Reuters

5 iyun kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra, qonun loyihasini 226 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatladi, 195 nafar deputat esa qarshi ovoz berdi. Loyihani qo‘llab-quvvatlaganlar orasida 207 nafar demokrat, 18 nafar respublikachi va bir nafar mustaqil kongressmen bor.

Aprel oyida Kongress muhokamasiga kiritilgan mazkur hujjat Ukraina uchun maxsus tiklanish jamg‘armasini tashkil etishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, u AQSh prezidentiga Ukraina va Sharqiy Yevropa davlatlariga mudofaa texnikasi va harbiy mulkni kredit yoki ijara mexanizmlari orqali yetkazib berish vakolatini qayta tiklaydi.

Qonun loyihasiga muvofiq, Pentagon 2027 yil oxirigacha Ukrainaga razvedka sohasida yordam ko‘rsatish huquqini saqlab qoladi. Davlat departamenti esa Boltiqbo‘yi davlatlarining qurolli kuchlari va chegara xizmatlari imkoniyatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘radi.

Hujjat Rossiyaga nisbatan bosim o‘tkazish vositalarini ham kengaytiradi. Unga ko‘ra, AQSh prezidenti qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish, Rossiyaga aloqador jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini muzlatish, yangi eksport cheklovlari va bojlar belgilash huquqiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, AQSh va Yevropa davlatlari o‘rtasida qurol-yarog‘ yetkazib berish, ukrain harbiylarini tayyorlash va razvedka ma’lumotlari almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Ukrainaning AQShdagi elchisi Olga Stefanishina mazkur qarorni “muhim qadam” deb baholab, bu Vashingtonda Ukrainaga nisbatan ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlash saqlanib qolayotganini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Endi qonun loyihasi Senat muhokamasiga taqdim etiladi. Agar Senat ham hujjatni ma’qullasa, uni imzolash uchun AQSh prezidenti Donald Trampga yuboriladi. Reuters agentligining qayd etishicha, Tramp veto huquqidan foydalanishi ham mumkin. U avvalroq sanksiyalar va tashqi yordam masalalari bo‘yicha asosiy qarorlar ijro hokimiyati nazoratida qolishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid