Jamiyat | 19:26 / 26.09.2016
24515
2 daqiqa o‘qiladi

Joli va Pitt nikoh shartnomasini tuzganda nimaga kelishishgan?

Anjyelina Joli va Bred Pitt ajrashish jarayonida mol-mulkni taqsimlashmaydi, zero Hollivud yulduzlari nikoh shartnomasini tuzganda shunga kelishishgan. Bu haqida 26 sentabr kuni TMZ nashri ma'lum qildi. 

Juftlikka yaqin manbaning xabar berishicha, shartnomada ularning birgalikdagi turmushlaridan tortib, to moliyaviy vositalarni taqsimlashigacha barcha jihatlar inobatga olingan. Ta'kidlanishicha, bu yerda gap 400 million dollar haqida bormoqda. 

Aktyorlar birgalikdagi turmushlari davomida 12 ko‘chmas mulk obektini qo‘lga kiritishgan. Ulardan yettitasini Pitt, ikkitasini Joli xarid qilgan. Juftlik 2014 yilda rasman oila qurganidan so‘ng yana uch uy sotib olgan, Fransiyadagi villa, Yangi Orleandagi (AQSh) koshona va Nyu-Yorkdagi kvartira shular jumlasidandir. Bred va Anjyelina ko‘chmas mulkni qanday taqsimlashi hozircha noma'lum. 

Joli-Pitt juftligining oldida turgan asosiy masala - 6 nafar bolaga g‘amxo‘rlik qilish. Anjyelina sudga murojaat qilib, farzandlari ustidan vorislik qilish huquqi unga berilishini so‘ragan, Bredga esa ularni dam olish kunlari ko‘rish imkonini qoldirgan. Pitt esa farzandlarini tarbiyalash huquqi uchun kurashmoqchi. 

Eslatib o‘tamiz, 20 sentabr kuni ommaviy axborot vositalarida Anjyelina Jolining turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish uchun hujjatlarni topshirgani to‘g‘risida xabar tarqalgan edi. Mahalliy OAVga ko‘ra, aktrisa Pittning otalik burchini to‘kis ado eta olmayotganligidan norozi. 

41 yoshli Anjyelina Joli va 52 yoshli Bred Pitt 2005 yildan buyon birga yashab kelishgan, 2014 yilning avgustida esa rasman oila qurishgan. Juftlik 3 nafar bolani asrab olgan: kambojalik Meddoks, vetnamlik Paks va efiopiyalik Zaxara. Bundan tashqari ularning 3 nafar biologik farzandi bor: Shaylo, egizaklar Noks va Viven. 

 

Mavzuga oid