Iqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar institutining may oyi tahliliga ko‘ra, birlamchi bozorda 1 xonali kvartiralar narxi aprel oyiga nisbatan 1,1 foizga, 3 xonali kvartiralar esa 2,7 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, 2 xonali uylar narxi 1,1 foizga, 4 va undan ortiq xonali kvartiralar esa 1,5 foizga arzonlagan.
Ikkilamchi bozorda eng katta o‘sish 1 xonali kvartiralar segmentida qayd etildi. Ularning narxi bir oyda 5,8 foizga oshgan. Shuningdek, 2 xonali uylar 0,6 foizga, 3 xonali kvartiralar 0,5 foizga qimmatlashgan. 4 xonali va undan katta xonadonlar narxi esa 0,4 foizga pasaygan.
Tumanlar kesimida Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlari eng qimmat uy-joy bozoriga ega hududlar sifatida qayd etilgan. Sergeli, Uchtepa va Olmazor tumanlarida esa nisbatan arzon uy-joylar taklif etilmoqda.
Tahlil natijalariga ko‘ra, poytaxt uy-joy bozorida talab asosan kichik va o‘rta hajmdagi kvartiralarga yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu esa ayrim segmentlarda narxlar o‘sishining davom etishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.











