Jamiyat | 20:38 / 04.10.2016
38648
6 daqiqa o‘qiladi

Suriyalik 7 yoshli qizning tvitteri: "Iltimos, bizni o‘ldirishni bas qiling"

7 yoshli Bana Alabed bir hafta ilgari o‘zining tvitterida ushbu suratni chop etgan. Uning oldida kitob turibdi, stolda esa - qo‘g‘irchoq. "Halabdan xayrli kun. Men urush haqida o‘ylamaslik uchun kitob o‘qiyapman", - deya izoh berilgan suratga. 

Suriyaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi shahri hisoblangan Halabda qonli mojarolar davom etmoqda. Shaharda ayirmachilar va hukumat kuchlari orasidagi qopqonda qolganlar har kuni hayot uchun kurashishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Bana o‘z tvitlarini ingliz tilida yozadi, bunda unga onasi - ingliz tili o‘qituvchisi Fotima yordam bermoqda. Qizcha ayirmachilar nazoratidagi Halab shahrining sharqiy qismidagi hayoti haqida so‘zlaydi.

Suratlardan birida Bana o‘z ukalari - 5 yoshli Muhammad va 3 yoshli Nur bilan tasvirlangan. Suratdagi izohda shunday yozilgan: "Samolyotlar uchib kelmasidan, ukalarim bilan rasm chizyapmiz. Biz rasm chizishimiz uchun tinchlik kerak".

Qisqa videoda esa uch bolaning yotoqxonada ekanligini ko‘rish mumkin. "Biz doimo birga bo‘lamiz", - deya jilmayadi Bana ukalarini quchib. 

"Ko‘ryapsizlarmi, qo‘shni uyga bomba tushdi", - deyiladi tvitlardan birida, unga vayron bo‘lgan uyning xiraroq surati ilova qilingan. 

Rossiya va Suriya harbiy kuchlari ko‘p haftalardan buyon Halabni muntazam bombardimon qilmoqda. 

So‘nggi bir necha kunlarda Bananing @alabedbana akkauntiga minglab folloverlar qo‘shilgan. Uning onasi Fotima Banaga tvitlar yozishga ko‘mak bermoqda. 

Fotima VVS agentligi bilan bo‘lgan suhbatda uning qizi "dunyo bizning ovozimizni eshitishini istashini" aytgan. "Qizim mendan "Oyi, nima uchun bizga hech kim yordam bermayapti?" deb so‘raydi", - deydi Fotima.

Uning ba'zi tvitlari juda ma'yus. Biroq bombardimon paytida do‘stlarini yo‘qotgan Bana bundan ko‘pini ko‘rgan. "U hammasini ko‘rgan, - deydi onaizor. - Bana do‘stlarining qanday o‘ldirilayotgani-yu, uylarimizni qanday bombardimon qilayotganliklarigacha guvoh bo‘lgan. U maktabining bombardimon qilinishini ko‘rgan. Bularning barchasi unga ta'sir ko‘rsatadi, albatta". Biroq nima bo‘lganda ham, Fotima uning qizi omadli ekanini aytadi. 

Bana voyaga yetgach, onasi kabi ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishni niyat qilgan. U o‘zi juda istasa-da, o‘tgan yildan beri maktabga bormaydi. Har qanday 7 yoshli bola kabi Bana ham do‘stlari bilan o‘ynagisi keladi.

 

Quyosh batareyasi Fotimaning oilasini biroz elektr bilan ta'minlab turadi, biroq internet yaxshi ulanmasligi va telefon liniyasining eskiligi sabab suhbat uzilib qolaveradi. 

Fotimaning so‘zlariga ko‘ra, butun shaharda oziq-ovqat yetishmaydi, ularning oilasida ham zaxiralar nihoyasiga yetib bormoqda. 

Yaqinda 3 yoshli Nur betob bo‘lib, onasi uni shifoxonaga olib borgan, ammo u yerda hech qanday dori-darmon qolmaganligi aytilgan. Hozirda Nur o‘zini yaxshi his qilmoqda - u onasini quchish uchun vaqti-vaqti bilan suhbatimizni bo‘lib qo‘ydi. 

Bananing folloverlari ko‘paygani sari ba'zilar uning akkaunti soxta ekanligini ta'kidlab, Fotimani targ‘ibotda qizidan foydalanayotganlikda ayblay boshlashdi. 

Ayniqsa, Bananing Suriya prezidenti Bashar Asad va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga aloqador tvitlari juda ko‘p tanqidga uchramoqda. 

Bananing ingliz tilini yaxshi bilishi ham internet foydalanuvchilarida shubha uyg‘otmoqda. 

Manbaga ko‘ra, Bananing otasi - huquqshunos, u avval shahardagi yuridik firmada faoliyat yuritgan, onasi esa Lingvistika institutida 3 yil ingliz tilini o‘rgangan, shuningdek universitetda huquqdan ham saboq olgan. 

Fotimaning aytishicha, Bana 4 yoshga to‘lishi bilan onasi unga ingliz tilini o‘rgata boshlagan. 

Folloverlarning yolg‘onchilikda ayblashi Fotimaning diliga og‘ir botadi, u bunga javoban "Barcha so‘zlar chin ko‘ngildan chiqmoqda, bu - haqiqat", deydi. 

U xayriya tashkilotining a'zosi emas, uni Suriyadagi hech bir ommaviy axborot vositasi qo‘llab-quvvatlamaydi. Fotima universitetda o‘qigan paytlarida jurnalistika va siyosatshunoslik kursida ta'lim olgan, shu bois u jamoatchilik e'tiborini qanday jalb qilishni yaxshi biladi. "Biz terrorchi emasmiz. Biz IShID emasmiz, - deydi Fotima. - Bu yerda aybsiz insonlar yashaydilar".

Suhbat yakuniga yetganidan so‘ng bir soat o‘tgach, Fotima yangi videotasma havola qildi. Unda Fotima to‘g‘riga qarab turibdi, Bana esa barmoqlari bilan quloqlarini bekitmoqda. Uzoqda esa portlash tovushlari eshitilmoqda. 

"Bugun tunda o‘lmasam deb qo‘rqaman. Bombalar meni tamom qiladi", - deyiladi Bananing tvitida. 

 

Mavzuga oid