Sport | 12:09 / 05.10.2016
12270
3 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan: Ertaga guruh favoritiga qarshi maydonga tushamiz

Jahon chempionati 2018 saralashining uchinchi bosqichi doirasidagi O‘zbekiston – Eron uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanning ikkinchi qismida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan jurnalistlarning ertangi o‘yin borasidagi savollariga javob berdi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar berdi.

“Ertaga uchinchi bosqichning uchinchi turida guruh favoritiga qarshi maydonga tushamiz. Bu jamoa bejizga Osiyo reytingida birinchi o‘rinni egallab turgani yo‘q. Jamoa tarkibida Yevropa klublarida faoliyat yuritadigan ko‘plab futbolchilar bor. Biz raqibni yaxshi o‘rganib chiqdik. Ular haqida yetarlicha ma'lumotga egamiz va jamoa ertangi o‘yinga to‘liq tayyor.

Odil Ahmedov Yevropa ligasi doirasidagi o‘yinda jaroxat olgandi. Ammo uning tiklanish jarayoni tez va ko‘ngildagidek o‘tmoqda. Balki ertaga u maydonga ham tushar.

O‘zbekistonning Qatarga qarshi o‘yinida o‘ng qanot himoyasida ko‘plab muammolarga duch kelganimiz rost. O‘ng qanotda to‘p surgan Islom To‘xtaxo‘jayev aslida markaziy himoyachi edi va u yangi ampluasiga moslashib boryapti. Muhimi u o‘z xatolarini tushunib, keyingi o‘yinlarda uni takrorlamaslikka urinyapti. U tez orada O‘zbekistonning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachisiga aylanadi.

Meni eng havotirga solayotgani - tarkibdagi muammolar. Odil Ahmedovning optimal holatda emasligi bizni o‘ylantirayotgan asosiy jihat.

Eronni o‘rganish jarayonida jamoaning O‘zbekistonga qarshi avvalgi o‘yinlarini ham o‘rganib chiqdik va aytishim mumkinki, ularning o‘yin falsafasi o‘zgarmagan.

Terma jamoaga chaqiruv olgan futbolchilar – hozirda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilaridir. Jaloliddin Masharipov haqida esa shuni aytishim mumkinki, u terma jamoa safida bo‘lishga munosib ekanligini isbotladi va shuning uchun ham u shu yerda", - deydi Samvel Babayan. 

Mavzuga oid