O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Mehnat sohasining istiqboldagi masalalari bo‘yicha milliy muloqot” mavzuida konferensiya o‘tkazildi
7 oktabr — Butunjahon Munosib mehnat kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, vazirlik va idoralar, NNT, ilmiy muassasalar, kasaba uyushmalari vakillari, shuningdek, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen De Vilmor, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays, YUNISEF vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Afshin Parsi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori Djon Makgregor, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun Byurosi bosh mutaxassisi S.Glovatskas ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini, fuqarolarning ijtimoiy-mehnat sohasidagi qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Bu yo‘nalishlardagi ishlar XMT, Jahon banki, Yevropa ittifoqi Komissiyasi tomonidan ham yuqori baholab kelinayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Mehnat qonunchiligi zamon talabi asosida takomillashtirilayotgani bu borada muhim omil bo‘layapti. Birgina so‘nggi yillarda Mehnat kodeksiga va “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi Qonunga aholi turli toifalari uchun mehnat kafolatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Joriy yilda davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, kasaba uyushmalari vakolatini kengaytirish orqali xalqaro mehnat standartlarini implementatsiya qilish, xavfsiz va qulay mehnat sharoitlari yaratish, jarohatlanish va baxtsiz hodisalar oldini olishni nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Mehnat muhofazasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, hukumatimiz tomonidan 2016 — 2018 yillarda qishloq xo‘jaligidagi xodimlar mehnat sharoitlari, bandligi va ijtimoiy himoyasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlanib, izchillik bilan amaliyotga tatbiq qilinmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturi qabul qilinmoqda. Ushbu Dastur doirasida 2016 yilda 992 ming nafardan ortiq kishini ishga joylashtirish, jumladan, sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga 396 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Kichik korxonalar va xususiy tadbirkorlikni kengaytirish, kasanachilikni tashkil etish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali 596 ming kishi bandligini ta'minlash rejalashtirilgan.
E'tiborlisi, hozirgi paytda bu yo‘nalishda samarali ish olib borilmoqda. Mahalliy hokimlik organlari bilan hamkorlikda nogironlar va ko‘p bolali onalar hamda boshqa shaxslarni ishga joylashtirish uchun 100 mingdan ortiq ish o‘rinlari rezerv qilingan bo‘lsa, kollejlarning 480 mingdan ziyod bitiruvchisi bandligi ta'minlandi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kasanachilik hamda tomorqa xo‘jaligida mahsulotlarni yetishtirish, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda chorvachilikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlash, ushbu sohalarda band bo‘lganlar ijtimoiy himoyasini ta'minlash ham doimiy e'tiborda bo‘lib kelmoqda.
— Mamlakatingizda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy muloqot natijasida fuqarolarning munosib mehnatga bo‘lgan huquqlari to‘laqonli ta'minlanmoqda, — deydi Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun Byurosi bosh mutaxassisi S.Glovatskas. — O‘zbekiston kasaba uyushmalarining mehnat to‘g‘risidagi qonunlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va jamoa muzokaralarini yuritish borasidagi faoliyati misolida ham buni ko‘rish mumkin. Xususan, ijtimoiy himoyatalab shaxslarning kvotalangan ish o‘rinlariga qabul qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, vaqtincha band bo‘lmagan aholini mehnat yarmarkalariga jalb etish, kasanachilik o‘rinlarida mehnat qilayotganlarga nisbatan jamoa shartnomalari shartlarini tatbiq etish yo‘nalishlaridagi sa'y-harakatlar, ayniqsa, e'tiborga molik. Ayni chog‘da xodimlar malakasini oshirish va ular bandligini ta'minlash ham ijobiy hal etilayotgani iliq taassurot qoldirdi. Shular asosida, yurtingizning bu boradagi tajribasini o‘rganish rivojlangan davlatlar uchun ham foydali, deb hisoblayman.
Konferentsiyada yurtimizda hukumat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida Munosib mehnat konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar ro‘yobga chiqarilayotgani ham alohida aytib o‘tildi. Pirovardida esa har bir fuqaroning mehnat qilish, adolatli mehnat sharoitida ishlash hamda erkin kasb tanlash huquqlari to‘la kafolatlanmoqda. Xususan, ushbu konsepsiya talabi asosida, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan o‘z a'zolarining mehnat huquqlarini himoyalash hamda ularning murojaatlari bo‘yicha tezkor amaliy choralar ko‘rilmoqda. Fuqarolarga ijtimoiy-mehnat sohasiga oid masalalarda bepul yuridik xizmat ko‘rsatish, bu boradagi xalqaro va milliy standartlarni targ‘ib etish ko‘lamini kengaytirishda esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshida tashkil etilgan Yuridik klinikaning hissasi salmoqli bo‘layotir.
Shuningdek, tadbirda ta'lim muassasalari va korxonalar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, mehnat bozorining muhim institutlari, ya'ni mehnat inspeksiyalari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar salohiyati va imkoniyatini yanada rivojlantirish, o‘quv va ilmiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlash, mehnat va xalqaro mehnat huquqi bo‘yicha yangi avlod darsliklarini tayyorlash hamda ish beruvchilarning ijtimoiy mas'uliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xuddi shu mavzudagi konferensiyalar respublikamizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tdi.
Mavzuga oid
14:33 / 07.11.2024
YUNISEF: G‘azoda ikki kun ichida 50 dan ortiq bola halok bo‘ldi
08:50 / 26.10.2024
Shavkat Mirziyoyev YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
12:10 / 23.10.2024