BMT dunyoda bolalar ölimi qisqarişi töxtab qolganini ma’lum qildi. 2024 yilda butun dunyo böylab 5 yoşga tölmagan 4,9 million bola, jumladan 2,3 million yangi tuğilgan çaqaloq vafot etgan. Bu haqda 17 mart, seşanba kuni e’lon qilingan Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamğarmasi (YUNISEF)ning qöşma hisobotida aytilgan.

Ikki taşkilot ma’lumotlariga köra, 2000 yildan buyon 5 yoşgaça bölgan bolalar ölimi ikki baravardan ham köproqqa kamaygan, ammo 2015 yildan keyin bolalar ölimi kamayiş sur’ati 60 foizdan ortiq sekinlaşgan.

Bolalar ölimining eng yuqori körsatkiçlari 2024 yilda ham dunyoning ayrim hududlarida saqlanib qoldi. Bunday ölimlarning 58 foizi Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlari hissasiga, 25 foizi esa Janubiy Osiyo hissasiga töğri keladi. Bu ölimlarning köpçiligini sifatli tibbiy yordam körsatiş orqali oldini oliş mumkin edi.

Hisobotda qayd etilişiça, 2024 yilda vafot etgan bolalarning 100 mingi oğir töyinmaslik qurboni bölgan. Şu bilan birga, tadqiqot mualliflari yozişiça, töyinmaslikning immun tizimiga salbiy ta’siri kabi bilvosita oqibatlari ham hisobga olinsa, haqiqiy körsatkiçlar “ança yuqori” böladi.

Yangi tuğilgan çaqaloqlar ölimiga asosiy sabablar sifatida erta tuğuruq bilan boğliq asoratlar (36 foiz holat) va tuğuruq paytidagi asoratlar (21 foiz holat) körsatilgan. Hayotning birinçi oyidan keyin esa bolalar yuqumli kasalliklar, xususan bezgak, şuningdek oğir diareya va pnevmoniyadan vafot etmoqda.

JSST global soğliqni saqlaş sohasidagi “eng samarali çoralar” qatoriga “sinovdan ötgan va arzon tadbirlar”ni kiritadi. Bularga emlaş, oçlikka qarşi kuraşiş va tegişli akuşerlik yordamini körsatiş kiradi.

Bundan taşqari, taşkilotlar bahosiga köra, 2024 yilda butun dunyo böylab 5 yoşdan 24 yoşgaça bölgan 2,1 million bola, ösmir va yoş kattalar vafot etgan.

Hisobot mualliflari bolalar ölimiga qarşi çoralarni kuçaytirişga, xususan sifatli tibbiy yordamdan foydalaniş imkonini yaxşilaşga çaqirdi. Şu munosabat bilan YUNISEF ijroçi direktori Ketrin Rassel global moliyalaştiriş qisqartirilayotganini tanqid qildi. U şunday dedi: “Heç bir bola biz oldini olişni biladigan kasalliklardan ölmasligi kerak. Ammo biz bolalarning tirik qolişidagi taraqqiyot sekinlaşayotganidan dalolat beruvçi xavotirli belgilarni köryapmiz — bu global budjetlar qisqarib borayotgan bir paytda yuz bermoqda”.