Jamiyat | 11:40 / 14.10.2016
17021
4 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda “Istiqlol g‘unchalari” nomli ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi o‘tkazildi

Foto: kun.uz

Guliston shahridagi 1 sonli bolalar musiqa va san'at maktabi binosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Istiqlol g‘unchalari” nomli ko‘rik-tanlovning II viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. “Sog‘lom  ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni mustaqillik tufayli tiklanayotgan qadriyatlarni e'zozlash, ularning san'at va badiiy havaskorlik ijodiyotiga bo‘lgan qiziqishlarini o‘stirish, iqtidorlilarni aniqlash, qo‘llab quvvatlashdan iborat bo‘ldi. 

An'anaviy ijrochilik, estrada qo‘shiqchiligi, yakka va ansambl cholg‘u ijrochiligi, yakka va jamoa raqsi ijrochiligi kabi 4 yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rik tanlovga nufuzli  a'zolardan iborat hakamlar baholab borishdi.

"G‘oliblarni tanlash chog‘ida ishtirokchilar ijrochilik mahorati, kuy qo‘shiqlarning mazmuni, dolzarbligi, sahna madaniyati, libosi e'tiborga olindi",-deydi  ko‘rik-tanlov hakamlar hay'ati rasi “Sirdaryo navolari” ashula va raqs ansambli rahbari  Asatilla Xoliqov.

"Tanlovning butun hayajoni biz ota -onalarda kechdi. O‘g‘lim 12 yoshda. Shunga qaramay 2ta cholg‘u asbobini sozlay oladi. Hozirda ustozi Nasiba Sodiqova bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro tanlovga tayorgarlik ko‘rmoqda. Uning bu yutuqlaridan juda xursandman. Yurtimizda yoshlar uchun munosib sharoit, keng imkoniyatlar yaratilganidan minnatdorman", deydi qatnashchi Samandar Ismatullayevning onasi Dilafruz Mamatova.

Bellashuv yakunida  ko‘rik-tanlovning an'anaviy ijrochilik yo‘nalishi  bo‘yicha Guliston tuman madaniyat va aholi dam olish markazi “Dehqon bolalari” folklor to‘garagi a'zolarining “Ta'til kunlari” kompozitsiyasi, yakka va ansambl cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishida Sirdaryo tuman “Orom” madaniyat va aholi dam olish markazi sozandachilik to‘garagi qatnashchisi Samandar Ismatullayevning Avepisovning “Jon” asari ijrosi, yakka va jamoa raqsi ijrochiligi yo‘nalishida Guliston tuman madaniyat va aholi dam olish markazi “Lola” raqs to‘garagi a'zolarining “Kadi” raqsi, Estrada qo‘shiqchiligi yo‘nalishida Mirzaobod tuman madaniyat va aholi dam olish markazi to‘garagi a'zosi Shohjahon Abdug‘aniyevning “Bolaligim” qo‘shig‘i ijrosi hakamlar tomonidan yuqori baholanib 1 o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Shuningdek, qatnashchilar qator nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.

Guliston tumanidan tashrif buyurgan “Dehqon bolalari” folklor ansambli a'zolari mahorati hakamlar tomonidan alohida e'tirof etilib yuqori baholandi. Ansambl o‘z ishtirokida “Ta'til kunlarida” dasturini taqdim etishdi. Dastur  “Qo‘y boqish”, “Oq kerakmi, ko‘k kerak”, “Happak tosh”, “Arg‘amchi”, “Chillak” bolalar xalq qo‘shiqlari jamlanmasidan iborat bo‘ldi. Abduvali O‘rolov badiiy rahbarligidagi  ansambl  shu kunga qadar  respublika miqyosidagi bir qancha festivallar g‘olib va laureati bo‘lgan.

Ozoda Mamadaliyeva

Mavzuga oid