Tailandda qirolning o‘limidan keyingi vaziyat qanday?
13 oktabr, payshanba kuni Tailand qiroli Pxumipon Adulyadet hayotdan ko‘z yumdi, u 1946 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelgan. Uzoq 1972 yildayoq u o‘zidan keyin taxtga kim egalik qilishini tasdiqlovchi hujjatni imzolagan, unga ko‘ra taxtga shahzoda Maxa Vachiralongkorn o‘tirishi kerak edi, biroq hozircha bunday bo‘lmadi, shahzoda taxtga o‘tirishga shoshilmayapti. Mamlakatda bir yillik motam e'lon qilingan. Tailandda ikki yil yashab kelgan grafika dizayneri Anna Stavenskaya o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qirollik oilasi haqida so‘z yuritdi, TJ nashri muallifning ruxsati bilan shu haqidagi maqolani chop etdi.
"Inson ba'zan Tailand - bu qirollikka xos bo‘lgan barcha elementlar mavjud mamlakat ekanini tushunib yetadi. Bu yerda qirol va qirolicha, shahzoda va malikalar, qirollik saroylari, "Qirolning umri uzoq bo‘lsin!" hayqiriqlari, sodiq mulozimlar va (konstitutsion) monarxiya dushmanlari - bularning barchasini ko‘rish mumkin.
Sayyohlik maskanlarida qirollik haqida eslatib turuvchi eng asosiy xotiralar har bir muassasa va deyarli har bir xonadonda qirol va qirolicha portretining mavjudligidir. Tailandning ba'zi hududlarida kunda ikki marta (ertalabki soat 8:00 hamda kechki soat 18:00da) hayot bir muddatga to‘xtab qolishini kuzatish mumkin. Shu payt hamma narsa, barcha insonlar to‘xtaydi, madhiya ovozi eshitilishi bilan o‘tirgan odamlar turishi shart. Televizor orqali esa qirollik oilasi ko‘rsatiladi.
Universitet va maktablardagi o‘qish ham madhiyadan boshlanadi, shu kuni darsi bo‘lmagan o‘qituvchilar ham birgina madhiya yangragan paytda tizilib turish uchun o‘quv dargohiga kelishlariga to‘g‘ri keladi. Tailanddagi eng asosiy bayramlar - Otalar va Onalar kunlari qirol hamda qirolichaning tavallud ayyomlarida nishonlanadi.
Bu yerda marhum qirolni juda yaxshi ko‘rishadi. U uzoq muddatli hukmronligi davomida (amaldagi davlat rahbarlari orasida eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan inson) mamlakat iqtisodiyoti va umumiy hayot darajasini ko‘tardi, oddiy xalq uchun ko‘p yaxshiliklar qildi va boshqa mamlakatlarning aksariyat davlat rahbarlari bilan munosabatlarni yaxshiladi.
Qirol 88 yoshida olamdan o‘tdi. Umrining so‘nggi kunlarida uning salomatligi haddan ziyod yomonlashgandi, tayliklar uning sog‘lig‘i uchun ibodat qilishdi, ko‘pchilik Bangkokdagi shifoxona yonida to‘plandi. Ko‘chalarda sariq va pushti rang libos kiygan kishilarni ko‘plab uchratish mumkin edi, bu qirollik oilasining ramziy ranglari hamda qirolga uzoq umr tilashni anglatuvchi ranglar hisoblanadi. Shunday damlarda "Men qirollikdaman" qabilidagi hissiyot bir necha karra oshadi - atrofda hamma faqat shu haqda so‘zlaydi.
Ertaga nima bo‘lishi noma'lum, shunday bo‘lsa-da, ba'zi taxminlar bor: ko‘p muassasalar yopilgan yoki erta-indin yopiladi, eshiklarda "Kechirasiz. Qirolga bo‘lgan ehtiromimiz yuzasidan biz yopilamiz" yozuvlari paydo bo‘lmoqda. Mamlakatda janjallar, suiqasd va boshqa jinoyatlarni kamaytirish maqsadida spirtli ichimliklar sotuvi taqiqlanishi ehtimoli mavjud.
Tailandda bir yillik motam e'lon qilindi. Hukumat bir oy davomida jamoat joylarida faqat oq va qora kiyimlarda yurishni buyurdi. Xorijliklar uchun bu imkon qadar to‘q rangdagi liboslarni tanlash kerakligini anglatadi.
Ba'zi maktab va universitetlar ertaga yopilishi haqida ma'lum qilindi, ko‘plab tadbirlar bekor qilindi, xorijliklarga "omma oldida haddan ziyod baxtiyor ko‘rinmaslik, kafe va restoranlarda xursandchiligini yaqqol namoyon qilmaslik, tayliklar qayg‘usi va ularning hissiyotlarini hurmat qilish" tavsiya qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum muddat uzilishlar kuzatilmoqda.
Xalq qirolning o‘g‘li - shahzodani u qadar yaxshi ko‘rmaydi, bu uning qirollik oilasiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlari natijasidir. Ba'zilar unga o‘z otasiga munosib qirol sifatida ishonishmayapti, zero qirol darajasiga ko‘tarilish juda qiyin.
Qirollik oilasi to‘g‘risida salbiy gaplarni gapirish oddiy kunlarda ham taqiqlanadi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilikni ba'zi savollar qiziqtiradi: shahzoda 63 yoshda, lekin u bajarayotgan ishlaridan ko‘ra ko‘proq janjallari bilan nom qozongan.
Bugun shahzoda o‘zining taxt vorisi ekanligini tasdiqladi, lekin xalq qayg‘usi tufayli taxtga o‘tirish marosimini noma'lum muddatga qoldirdi. Shunisi diqqatga sazovorki, yaqinda bo‘lib o‘tgan referendumda konstitutsiyaga o‘zgarish kiritildi: endilikda qirollik kengashining tasdig‘i bilan hukumat ayol kishiga ham o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Qirollikning kelajagi noma'lum, bu haqida hozir hamma jim, chunki Tailand shaharlarida dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, ko‘chalar va ibodatxonalarda ko‘plab kishilar to‘planmoqda.
Tailand aholisining aksariyati - buddistlar, shu bois ularning o‘limga munosabati ham shunga muvofiq. Biroq xalq qirolni juda ham yaxshi ko‘rar edi va uning o‘limi Tailand aholisi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi".
Mavzuga oid
23:19 / 01.10.2024
Tailandda 40 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilarni olib ketayotgan avtobus yonib ketdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda
21:12 / 29.09.2024
Tailand hukumati iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun fuqarolarga 300 dollardan tarqatishni boshladi
01:00 / 29.09.2024
Tailandda fermer devor qulashi xavfi sabab 100 dan ortiq timsohini o‘ldirishga majbur bo‘ldi
13:20 / 27.09.2024