O‘zbekiston | 11:34 / 18.10.2016
5787
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

20—21 oktabr kunlari Toshkent shahrida «O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilinishini ta'minlashning milliy tizimi: mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

O‘zA xabariga ko‘ra, anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Bosh prokuratura tomonidan bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Milliy matbuot markazida mazkur konferensiyaga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) U.Muhammadiyev ommaviy axborot vositalari xodimlarini xalqaro konferensiyaning maqsadi, vazifalari va dasturi bilan tanishtirdi.

Xalqaro anjumandan asosiy maqsad O‘zbekistonda mustaqillik yillarida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati samaradorligini oshirish, huquqiy maqomini yanada mustahkamlash borasidagi ishlar to‘g‘risida dunyo jamoatchiligining xabardorligini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muhokama etishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ortiq xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 5 oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda Oliy Majlis huzurida Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha institut tashkil etishning tavsiya etilishi mamlakatimizda inson huquq va erkinlarini himoyalash borasidagi islohotlarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi alohida ta'kidlandi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid