Jamiyat | 19:06 / 18.10.2016
62676
4 daqiqa o‘qiladi

Virtual qabulxona orqali samarqandliklarning 6 yildan beri e'tibor qaratilmagan muammosi 10 kunda hal qilib berildi

Foto: Toshpulat Raxmatullayev

1 oktabr kuni samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev Bosh vazirning Virtual qabulxonasiga ikkita taklif bilan murojaat yo‘llagandi.

Murojaat muallifining aytishicha, birinchi murojaatga Samarqand shahar hokimiyati zudlik bilan javob qaytargan va muammo 10 kun ichida hal etilgan.

Birinchi maktubda jurnalist samarqandliklarning turli tashkilotlarga sanoqsiz murojaatlariga qaramasdan 6 yildan buyon hal bo‘lmayotgan muammosini ko‘targandi. Murojaatda So‘zangaron ko‘chasi boshlanishida qurilgan devorni olib tashlash so‘ralgandi. Bu devor Registondan Eski shaharga olib boradigan ko‘chalarni hamda Samarqand tumanidagi yaqin-atrofdagi qishloqlarni bog‘laydigan yo‘lni to‘sib qo‘ygandi.

Bu masaladagi yana bir muhim jihat - Samarqand shahri atrofida beton yo‘l ochilguniga qadar Toshkentdan Kitob va Shahrisabzga, undan Termizga boradigan barcha transport aynan So‘zangaron ko‘chasi orqali o‘tar edi. Ya'ni, ushbu ko‘cha orqali Buyuk Ipak Yo‘lining bir qismi o‘tgandi. Lekin bir necha yillar muqaddam shaharning muhim "qon tomiri" to‘sib qo‘yildi.

Samarqandning eski shahar qismida ekanligi, ko‘chalarning juda torligi va inshootlar zich joylashgani bois kengaytirishning imkoni yo‘qligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ko‘chaning avtomobil harakati uchun yopib qo‘yilishi shahardagi vaziyatni yanada qiyinlashtirdi va aholining noroziligiga sabab bo‘layotgandi.

11 oktabr kuni Registon maydoni yaqinidagi mahalla vakillari bilan uchrashgan shahar hokimi Akbar Shukurov So‘zangaron ko‘chasini to‘sib turgan devor olib tashlanishini ma'lum qildi.

"Men ushbu qaror haqida ma'lum qilish uchun o‘rinbosarlarimdan birini jo‘natishim ham mumkin edi, lekin Shavkat Miromonovich Virtual qabulxonaga kelib tushgan har bir murojaat va taklif bilan shaxsan rahbarlarning o‘zi shug‘ullanishini ta'kidlagan", — degan shahar hokimi.

U shu zahoti birinchi o‘rinbosari O‘tkir Abdullayevga shahar arxitektura va obodonlashtirish bo‘limlari rahbarlari bilan birgalikda yo‘lga asfalt yotqizish va sug‘orish tizimini tartibga keltirish masalasini hal qilishni buyurgan. Shahar hokimi uylari yo‘l yoqasida joylashgan fuqarolarni binolarning old qismini obodonlashtirishga chaqirdi. Shunday qilib, 6 yildan buyon aholini qiynab kelayotgan muammo 10 kunda o‘z yechimini topgan.

Muallif Bosh vazirga yana bir taklif bilan murojaat qilgan. U shahar va tuman yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlarida maxsus jamoatchilik kengashlarini tuzishni taklif etmoqda. Kengash tarkibiga YHXB mutaxassislari, arxitektura, obodonlashtirish, yo‘l qurilishi bo‘limlari, jamoatchilik vakillari kiritiladi.

Kengash har uch oyda yig‘ilib, ko‘chalarning holatini o‘rganadi va qayerga svetofor o‘rnatish, qayerda eskirib qolgan yo‘l belgisini almashtirish, qaysi ko‘chani ta'mirlash kerakligi borasida tavsiya beradi. Muallif hozircha ushbu taklifga javob olmagan.

Toshpulat Raxmatullayev, Samarkand

Mavzuga oid