Jamiyat | 15:56 / 19.10.2016
9693
2 daqiqa o‘qiladi

Millionlab soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamagan farg‘onalik tadbirkorning ishi fosh bo‘ldi

Foto: Getty Images

34 yoshli Azamatjon Soliyev Farg‘ona tumani va Farg‘ona shahrida birin-ketin xususiy korxona va ikkita MChJ tashkil etadi. Davlat ro‘yxatidan o‘tib, ishni yo‘lga qo‘yadi. Hujjatli taftishda 2010 yil yanvar oyida ish boshlagan “Azganush projekct” tikuvchilikka ixtisoslashgan xususiy korxona rahbari vazifasida ishlab, 2011-2014 yillar uchun topshirilgan hisobotlarida 749 mln. 551 ming so‘mlik tovar aylanmasini aks ettirmasdan, kamayib ko‘rsatib, 38 mln. 748 ming so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni yashirgani fosh etildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Shu bilan birga, A.Soliyev nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash borasidagi qonun talablarini ham pisand qilmagan ekan. Uch yil mobaynida pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olingan 855 mln 290 ming so‘mlikdan ziyod mahsulotlarni naqd pulga sotib, savdo pullarini NKMga kirim qilmaydi, bank muassasasiga ham topshirmaydi. Shuningdek, 2014 yilda 158 mln. 447 ming so‘m pulni fuqarolarga kredit va boshqa maqsadlar uchun o‘tkazib berish yo‘li bilan naqdlashtirib olib, juda ko‘p miqdorda savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzadi.

Yuqorigidek yo‘sinda o‘zi rahbarlik qilgan tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Fergana sky textile” MChJ tomonidan 2012-2014 yillarda va 2015 yilning birinchi choragida topshirgan hisobotlariga 1 mlrd. 316 mln. 625 ming so‘mlik tovar aylanmasini kiritmasdan, kamaytirib ko‘rsatib, 65 mln. 831 ming so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamaydi.

Ushbu holatni atroflicha ko‘rib chiqqan sud A.Soliyevga nisbatan tegishli jazo tayinlab, hukm chiqardi. 
 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid