Jahon | 18:31 / 23.10.2016
9352
2 daqiqa o‘qiladi

IShID jangarilari Iroqdagi Ar-Rutba shahriga hujum qildi

IShID jangarilari Iroqning Anbar viloyatidagi Ar-Rutba shahrini egallab olishga urinib ko‘rdi. Bu haqda "Bi-bi-si" xabar berdi.

Shahar merining ma'lum qilishicha, jangarilar shaharga uch tomondan o‘rab kelib hujum qilgan. Hozirda shahar markazida xavfsizlik xizmati xodimlari va jangarilar o‘rtasida janglar kechmoqda. Mer Iroq hukumatida yordamchi kuchlar yuborishni so‘ragan.

Jangarilarning Ar-Rutbaga hujumdan maqsadi 17 oktabr kuni Iroq armiyasi Mo‘sulni egallash uchun boshlagan kampaniyaga xalaqit berish hisoblanadi.

Jangarilar kichik shaharlarga hujumlar uyushtirish orqali Mo‘sul yo‘lidagi Iroq armiyasi kuchini bo‘lib tashlashni reja qilgan.

21 oktabr kuni shu maqsadda IShID jangarilari Iroqning boshqa bir shahri, Kirkukka hujum uyushtirgandi va u yerda 40dan ortiq kishini o‘ldirgandi.

Ar-Rutba shahri shu yilning bahoriga qadar IShID nazoratida bo‘lgan, may oyida Iroq armiyasi jangarilarni bu yerdan surib chiqargandi.

Bu vaqtda Iroq qo‘shinlari bilan ittifoqchilikda harakatlanayotgan kurd jangchilari Mo‘sulga shimoli-g‘arbdan yaqinlashib kelmoqda. 

Iroq hukumati shaharga janubdan zarba bermoqda, kurdlar esa shahar shimoli va sharqida janglarga kirishgan.

Mavzuga oid