Jahon | 12:11
1058
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Erondagi urush sabab Iroqdagi missiya xodimlarini olib chiqmoqda

AQSh va Isroilning Eron bilan urushi sabab Yaqin Sharqda keskinlashgan vaziyat tufayli, NATO 2018 yilda IShIDga qarshi kurashda yordam berish uchun tuzilgan Iroqdagi missiyasi xodimlarini Yevropaga ko‘chirdi.

Foto: AP

AQSh va Isroilning Eron bilan urushi tufayli Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuvi ortidan NATO Iroqdagi missiyasi (NMI, NATOning Iroqdagi missiyasi) xodimlarini Yevropaga “xavfsiz tarzda qayta joylashtirdi”. Bu haqda 20 mart, juma kuni NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari oliy qo‘mondonligi ma’lum qildi.

Birlashgan qurolli kuchlar qo‘mondoni general Aleksus Grinkevich Iroqqa va barcha ittifoqchilarga “NATO xodimlarini xavfsiz qayta joylashtirishga ko‘maklashgani” uchun, shuningdek “NATOning Iroqdagi missiyasidagi o‘z ishiga sadoqatli erkaklar va ayollarga, ular butun shu davr mobaynida o‘z vazifalarini bajarishda davom etgani uchun” minnatdorlik bildirdi.

Germaniya mudofaa federal vaziri Boris Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, NMI'da ishtirok etgan nemis harbiy xizmatchilari “eson-omon vatanga qaytgan”. Uning aniqlik kiritishicha, alyans xodimlarini olib chiqish jarayoni “Bundesverning katta ishtiroki bilan” amalga oshirilgan. Bir nechta transport samolyotlari xodimlarni Bag‘doddan “juda xavfli sharoitlarda” olib chiqqan.

NMI — maslahatchi missiya bo‘lib, u Iroqqa qurolli kuchlar va xavfsizlik kuchlarini shakllantirishda yordam beradi. U 2018 yildan buyon mamlakat hududida joylashgan bo‘lib, o‘zining asosiy maqsadlaridan biri sifatida Bag‘dodga Yevropa Ittifoqi, Rossiya, AQSh va dunyoning ko‘plab boshqa davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan terroristik deb tan olingan IShID guruhining qayta tiklanishining oldini olishda ko‘maklashishni belgilagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid