O‘zbekiston | 18:09 / 23.10.2016
17479
5 daqiqa o‘qiladi

Sarvar Otamuratov: «Milliy tiklanish» partiyasining maqsadi - milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish

Foto: UzDaily

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov partiyaning V s'yezdidagi ma'ruzasida saylovoldi dasturining asosiy holatlari yuzasidan ma'lumot berdi. Ma'ruzaning to‘liq matni partiya rasmiy saytida chop etildi.

«O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining maqsadi — milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g‘oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning farovonligi oshishi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va ilgari surish, O‘zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma'naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitishdan iborat. Ana shunday ezgu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal etishni saylovoldi Dasturga kiritmoqdamiz», — dedi u.

«Xalqimizning betakror va ulug‘vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an'analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini nav­qiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilish tarafdorimiz. Milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarimiz himoyasi — bizning bosh vazifamizdir. «O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q» tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o‘rganish, bu borada o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kunini baholashda bir­yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashamiz, — qo‘shimcha qildi Sarvar Otamuratov.

Sarvar Otamuratov transport-ekspeditorlik kompaniyalariga imtiyozlar berish hamda lizing tizimini rivojlantirish va takomillashtirish zaruratini ham qayd etdi.

«Ko‘pchilik yaxshi biladi, O‘zbekiston nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri dunyo dengizlariga chiqa olmaydi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqadigan davlat bilan ham chegaradosh emas. Dunyoda ana shunday murakkab geografik o‘rinda joylashgan ikki mamlakatdan biri O‘zbekistondir. Yana bir narsani yaxshi bilamizki, dunyoda eng arzon yo‘l — bu dengiz yo‘lidir», — dedi u.

«Bundan tashqari, O‘zbekistonda transport xizmatlarining narxi sezilarli darajada yuqori. Tadqiqotlarga qaraganda bugungi kunda 20 tonna mahsulotni 500 kilometr masofaga avtomobilda tashish tannarxi O‘zbekistonda 1 kilometr uchun 1,75 dollarni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun: qo‘shni davlatlarda bu ko‘rsatkich 0,7 dollardan 1,3 dollargacha. Yuqorida aytib o‘tilgan masalalar bilan bir qatorda logistika infratuzilmasining sust rivojlangani, milliy mahsulotni jahon bozoriga olib chiqishda talab etiladigan hujjatlarning ko‘pligi, ularni ko‘rib chiqish muddatlarining uzoqligi va qimmatligi muammosi ham mavjud. Bularning barchasi mamlakat eksport salohiyatini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda va tashqi bozorda mahsulotlarimizning tannarxi sun'iy oshishiga olib kelmoqda», — qo‘shimcha qildi siyosatchi.

«Shundan kelib chiqib, biz transport-ekspeditorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga imtiyozlar berish, yirik yuk tashuvchi avtomobillarni lizingga berish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, bojxona xizmatlari narxini kamaytirish va chegaradan o‘tish tartibini soddalashtirish yuzasidan ish olib boramiz. Milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) dan muhofaza etish, qulay va jozibador sarmoya muhitini shakllantirishning huquqiy asoslarini kuchaytirishni dolzarb vazifamiz, deb bilamiz. Biz xalqimizni, ayniqsa, yoshlarning bevosita Vatanimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy va sifatli kiyim-kechakka bo‘lgan ehtiyojini qondirish, yengil va ixcham to‘qimachilik korxonalarining sonini ko‘paytirish, ularga mahalliy xom­ashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni qo‘llab-quvvatlaymiz», — ta'kidladi Sarvar Otamuratov.

Shuningdek, u davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati shaffofligini ta'minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ichki xususiy investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga yo‘naltirishni yanada kengaytirishzamon talabiga aylanayotganini aytib o‘tdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid