Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy Majlisda "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi shu yo‘nalishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Qonun kelgusida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi. Unda davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratishga e'tibor qaratilgan. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni loyihasining ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan normalari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirda shular haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan xamkorlikda tashkil etilgan tadbirda deputatlar, sud, prokuratura xodimlari, huquqshunos olimlar ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi D.Abduqodirov, Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori A.G‘afurov va boshqalar kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishda korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi. Bunga faqat qonun ustuvorligi, fuqarolar, tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslarining qonun oldida tengligini ta'minlash orqali erishiladi.
Qonun loyihasi muhokamasi davomida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek, fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati shakllari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.