O‘zbekiston | 15:44 / 28.10.2016
28261
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi

28 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Sarvar Sadullayevich Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hatamjon Abduraxmonovich Ketmonov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Madjitovich Umarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e'tiboran ularning saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Shu munosabat bilan majlisda saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqilib, tegishi qaror qabul qilindi.
Shu kunning o‘zida Markaziy saylov komissiyasining bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish hamda Komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
* * *
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun videkonferentsaloqa shaklida brifing o‘tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov tadbir ishtirokchilarini Markaziy saylov komissiyasining qarorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik borishi haqida xabardor qildi.
Ta'kidlanganidek, saylov kampaniyasi mamlakatimiz qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturiga to‘la muvofiq holda amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasiga asosan saylovoldi tashviqoti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan boshlanadi.
Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda teng foydalanish huquqi beriladi va ta'minlanadi.
Xususan, siyosiy partiyalardan kelib tushgan taklif va istaklarini inobatga olib, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 ta hududiy telekanallarida 206 daqiqa, Toshkent teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratiladi.
“Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida 6 sahifadan, “Nurli jol” va “Ovozi tojik” gazetalarida 5 sahifadan iborat nashr maydoni bepul beriladi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 ta mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.
Shuningdek, nomzodlarning har biri respublikamiz bo‘yicha 642 tadan tashqi reklama vositasidan, ya'ni, maxsus konstruksiyalar, ekranlar, billbordlardan o‘z dasturiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilishda foydalanadilar. Shuningdek respublikamizning 36 ta elektron monitorida ham nomzodlarning tashviqot roliklari bepul joylashtirish imkoniyati yaratiladi.
E'tiborli jihati, saylov tajribamizda birinchi marta “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalari nashr maydonlaridan ham nomzodlar tashviqoti uchun foydalanishga qaror qilindi. Bu shubhasiz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining nomzodlar saylovoldi dasturlari qoidalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqoti materiallarining turlari, shakllari, uslublari va mazmunini mustaqil belgilaydilar.
Ta'kidlash joizki, saylovoldi tashviqoti davrida teng shart-sharoitlar yaratish tamoyili partiya nashrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ular tegishli materiallarni istalgan hajmda chop etishlari mumkin.
Brifing mobaynida tayyorgarlik ishlari haqida ham fikr yuritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 9378 ta, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy vakolatxonalari huzurida 44 ta saylov uchastkasi tuzildi. Saylov uchastkalari zarur aloqa vositalari, kompyuter va tashkiliy texnika, huquqiy adabiyotlar bilan ta'minlangan. Maxsus belgilangan joylarda yashirin ovoz berish uchun saylov kabinalari, saylov qutilari o‘rnatilgan.
Okrug saylov komissiyalari tomonidan uchastka saylov komissiyalari tarkiblari shakllantirilib, ularning faoliyatiga 98 mingdan ziyod kishi jalb qilingan. Komissiya a'zolarining 69 foizi ilgari saylov komissiyalarining faoliyatida bevosita ishtirok etgan va muayyan tajribaga ega insonlardir. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida xotin-qizlar soni 47,4 foizni tashkil etadi. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 26,7 foizi xotin-qizlardir.
Brifingda saylov kampaniyasining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash masalalariga, ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli axborotlardan foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilayotganligi ta'kidlandi. Hozirga qadar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 500 dan ortiq vakili, okrug saylov komissiyalari tomonidan qariyb 560 nafar mahalliy jurnalistlar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini
yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi

Mavzuga oid