Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Armanistonda saylov ovozlari qayta sanaldi
Armaniston Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlarida ishtirok etgan saylov uchastkalarining qariyb uchdan bir qismida ovozlarni qayta sanab chiqdi. Qayta hisob-kitoblardan so‘ng ayrim partiya va bloklarning natijalari o‘zgargan bo‘lsa-da, umumiy siyosiy manzaraga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan.
Armaniston Markaziy saylov komissiyasi 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalari bo‘yicha qayta hisoblash ishlarining dastlabki yakunlarini e’lon qildi.
Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha faoliyat yuritgan 2005 ta saylov uchastkasidagi ovoz berish natijalaridan 637 tasi qayta sanab chiqilgan. Bu umumiy uchastkalarning qariyb uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladi.
Qayta hisoblash natijasida Rossiyaga moyil deb baholanayotgan «Kuchli Armaniston» muxolifat blokining natijasi 508 ta ovozga oshgan va jami 340 088 ta ovozni tashkil etgan. Ushbu siyosiy kuchga arman millatiga mansub rossiyalik milliarder Samvel Karapetyan rahbarlik qiladi.
Shuningdek, tadbirkor Gagik Tsarukyan yetakchilik qilayotgan «Farovon Armaniston» partiyasi natijasiga 147 ta ovoz qo‘shilib, umumiy ko‘rsatkich 58 378 taga yetgan.
Bosh vazir Nikol Pashinyan rahbarligidagi hukmron «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi ham qayta hisoblashdan keyin 1148 ta qo‘shimcha ovoz olgan va umumiy natija 727 820 ta ovozga yetgan.
Sobiq prezident Robert Kocharyan boshchiligidagi «Armaniston» bloki esa 217 ta qo‘shimcha ovoz bilan 145 113 ta ovoz to‘plagan.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lum qilishicha, qayta hisoblash jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklar soni 1279 tadan 1509 taga yetgan. Biroq haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni 17 097 tadan 16 238 taga kamaygan.
Shuningdek, 12 iyun kuni komissiya uchta saylov uchastkasidagi ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topgan. Saylovning yakuniy natijalari 14 iyun kuni rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.
Qayta hisoblash muxolifat talabi bilan boshlangan
Ovozlarni qayta sanash jarayonini parlament saylovlarida ikkinchi o‘rinni egallagan «Kuchli Armaniston» bloki talab qilgan.
Partiya vakili Aram Vardevayanning ta’kidlashicha, ehtimoliy qonunbuzilishlar haqidagi ma’lumotlar tufayli Markaziy saylov komissiyasi qayta hisoblash o‘tkazishi lozim bo‘lgan.
Blok rahbari Samvel Karapetyan saylovlarni «sharmandali» deb atab, ovoz berish jarayonida qator qonunbuzilishlar sodir etilganini iddao qilgan.
Ma’lumot uchun, Karapetyan o‘tgan yildan buyon davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rish aybi bilan uy qamog‘ida saqlanmoqda. U mazkur ayblovlarni siyosiy bosim sifatida baholab keladi.
Pashinyan partiyasi saylovda g‘alaba qozongan
Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, parlament saylovlarida Bosh vazir Nikol Pashinyan rahbarligidagi g‘arbparast «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 49,81 foiz ovoz to‘plab, ishonchli g‘alabaga erishgan.
«Kuchli Armaniston» bloki 23,29 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
Sobiq prezident Robert Kocharyan boshchiligidagi «Armaniston» bloki 9,94 foiz, «Farovon Armaniston» partiyasi esa 4 foiz ovoz olgan.
Saylovlarda ishtirok darajasi 58,97 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu 2018 va 2021 yillardagi parlament saylovlariga nisbatan yuqoriroq ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mavzuga oid
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
16:54 / 09.06.2026
«50 foizdan kam». Rossiya telekanallari Pashinyanning g‘alabasini «tan olmadi»
09:00 / 09.06.2026
Armaniston yevropacha kelajakni tanladi - YeI rahbarlari
09:00 / 08.06.2026