Ikkinçi örinni arman millatiga mansub rossiyalik tadbirkor Samvel Karapetyan rahbarlik qilayotgan «Kuçli Armaniston» muxolifat alyansi egallab, 23,19 foiz ovoz töpladi. Mamlakatning sobiq prezidenti Robert Koçaryan yetakçilik qilayotgan «Armaniston» blogi esa 9,6 foiz natija qayd etdi.

Şuningdek, tadbirkor Gagik Tsarukyan rahbarligidagi «Farovon Armaniston» partiyasi 4,1 foiz ovoz bilan parlamentga ötiş imkoniyatini saqlab qoldi. Sobiq ombudsman Arman Tatoyan boşçiligidagi «Birlik qanotlari» partiyasi esa 2,3 foiz ovoz oldi.

Saylovlarda iştirok etiş darajasi 58,97 foizni taşkil qildi. Bu körsatkiç 2018 va 2021 yillardagi parlament saylovlariga nisbatan yuqoriroq böldi.

Amaldagi boş vazir Nikol Paşinyan saylov komissiyasi hali ovozlarning beşdan bir qismini ham hisoblab ulgurmagan paytdayoq öz partiyasining ğalabasini e’lon qildi. Uning ta’kidlaşiça, «Fuqarolik şartnomasi» partiyasi hukumatni mustaqil ravişda şakllantiriş imkoniyatiga ega böladi.

Biroq mazkur bayonot muxolifat vakillari tomonidan keskin tanqid qilindi. Robert Koçaryan boşçiligidagi «Armaniston» blogi buni «hokimiyatni uzurpatsiya qilişga qaratilgan qadam» deb baholadi. Arman Tatoyan esa Paşinyanning bayonotini konstitutsiyaga zid va boş vazir vakolatlaridan taşqari harakat sifatida talqin qildi.

Saylovlarda jami 18 ta siyosiy kuç iştirok etdi. Mamlakat qonunçiligiga köra, partiyalar uçun parlamentga ötiş tösiği 4 foizni taşkil etadi. Saylov bloklari uçun esa bu körsatkiç tarkibiga qarab 8 yoki 10 foiz qilib belgilangan.

Armaniston parlamenti hozirda 105 nafar deputatdan iborat bölib, ularning tört örni milliy ozçilik vakillari — yozidiylar, ruslar, kurdlar va assuriylarga ajratilgan.

Bu galgi saylovlar mamlakatning taşqi siyosiy kelajagi nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Nikol Paşinyan hukumati 2025 yilda Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlaşuv kursini qonunçilik darajasida mustahkamladi. Bu esa Yerevan va Moskva munosabatlarida muayyan taranglikni keltirib çiqardi.

Paşinyan Rossiya bilan aloqalarni uziş niyati yöqligini bir neça bor ta’kidlagan bölsa-da, muxolifat kuçlari mamlakatning Moskva bilan yaqin hamkorligini saqlab qoliş tarafdori sifatida maydonga çiqqan.

Saylovlar arafasida Rossiya Armanistondan import qilinadigan içimliklar, qişloq xöjaligi mahsulotlari, gullar va baliq mahsulotlariga nisbatan qator çeklovlar joriy etdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Armanistondagi vaziyatni Ukrainadagi inqiroz boşlanişi oldidan kuzatilgan jarayonlarga öxşatgan edi.