Sport | 20:08 / 28.10.2016
3593
2 daqiqa o‘qiladi

«Vest Hem» 200 nafar muxlisining stadionga kelishini taqiqlamoqchi

Foto: BBC Sport

«Vest Hem Yunayted» jamoasi 200 nafar muxlisining uy o‘yinlari o‘tkaziladigan stadioniga kiritishni taqiqlamoqchi. Bunga ushbu muxlislar Angliya ligasi kubogi 1/8 finali doirasida «Chelsi»ga qarshi kechgan va 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda tartibsizlik keltirib chiqargani sabab bo‘ladi.

O‘yin yakunlanishi arafasida mezbon jamoa muxlislari mehmonlar o‘tirgan tribunaga turli buyumlar, xususan sindirilgan o‘rindiqlarning parchalarini uloqtira boshlagan, natijada ommaviy mushtlashuv yuzaga kelgandi. Styuardlar tartibsizlikni to‘xtata olmagan, politsiya chaqirilib, to‘qnashuv ishtirokchilari hibsga olingandi.

The Guardian xabariga ko‘ra, ayni vaqtda londonliklar klubi tribunada o‘sha vaqtda aslida nima ro‘y berganini aniqlash uchun kuzatuv kameralaridagi yozuvlar hamda audioyozuvlarni o‘rganib chiqmoqda.

«Vest Hem» boshqaruvi raisining o‘rinbosari Karren Breydi bezorilarni qilmishini qoraladi va ularni stadionga yo‘latmaslikka va'da berdi. Uning gapiga qaraganda, mavsumiy abonementlarni sotib olish uchun 55 ming muxlis navbatda turibdi. Shuning uchun ham klub bezorilarga keskin jazo qo‘llashdan qo‘rqmaydi.

Bundan oldinroq Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) tartibsizliklar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga kirishgani ma'lum bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid