Bahorda start olgan Superliga bahslari, qish arafisida yakuniga yetdi. Tribuna.uz jamoalarning mavsum davomida uy stadionlariga tashrif buyurgan tomoshabinlar sonini sarhisob qilib, klublarning muxlis to‘plash borasidagi natijalariga nazar soldi.

 «Navbahor» muxlislik borasida peshqadam

Namanganning «Navbahor» klubi mavsumni 9-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, jamoa muxlislari bu borada peshqadam bo‘lishdi. 2019 yilgi Superliga bahslarida mezbonlikdagi o‘yinlarda tomoshabin yig‘ish bo‘yicha «Navbahor»ga teng keladigani topilmadi. Namangandagi stadionning maydoni mavsum boshlanishiga tayyor emasligi sabab klub dastlabki uchrashuvlarini Farg‘onada o‘tkazgan bo‘lishiga qaramay, Andrey Kanchelskis jamoasi tomoshabinlar mehri borasida 1-o‘rinni oldi. «Navbahor»ning Namangandagi birinchi o‘yini Superliga 7-turi doirasida «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘tkazilib, shu kuni stadionda anshlag kuzatildi. Mezbonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bahsda «Markaziy» o‘yingohda 25 727 tomoshabin tashrif buyurgan. Umuman olganda, «Navbahor» mezbonligidagi o‘tgan har bir uchrashuvda stadionga o‘rtacha 11 233 nafar tomoshabin to‘g‘ri keladi. Bu Superliga-2019dagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

 «Paxtakor» va «Nasaf» uchlikda

«Paxtakor» chempionligi bilan yakunlangan mavsumda klub tomoshabinlar tashrifi borasida ham ijobiy o‘zgarishlarga qo‘l urdi va bu o‘z mevasini bermay qolmadi. Yaqin o‘n yillikda o‘z stadionidagi tashrif bo‘yicha o‘nlikdan ham joy ololmay kelgan «Paxtakor», so‘nggi ikki yildirki kuchli uchtalikdan o‘rin olmoqda. 2018 yilda uy o‘yinlarida o‘rtacha 10 893 tomoshabin yig‘ib, 3-o‘rinda qayd etilgan «Sherlar» muxlislari, bu yil tashrif borasida pastroq ko‘rsatkich – o‘rtacha 8 048 tomoshabin qayd etgan bo‘lsa-da, bu tashrif borasida 2-o‘rini egallashlariga yetarli bo‘ldi.

 Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi «Nasaf» klubi chempionatni 7-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, Qashqadaryodagi muxlislar tashrifi bo‘yicha jamoa 3-o‘rinda qayd qilindi. Qarshidagi «Markaziy» stadionda Superliganing 13 ta uchrashuvida o‘rtacha 7 499 tomoshabin, jami 97 487 muxlis tashrif buyurgan. O‘tgan mavsum bilan taqqoslaganda, bu borada o‘sish bor. «Nasaf» 2018 yilda o‘z uyida o‘rtacha 5607 tomoshabin to‘plab, o‘nlikka kirgan bo‘lsa, bu yil katta o‘sishga erishdi.