Jamiyat | 19:19 / 01.11.2016
6881
2 daqiqa o‘qiladi

18 nafar fuqaroning go‘yoki zararlarini qoplab berish uchun millionlab pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan sug‘urtachilar guruhi qo‘lga olindi

“O‘zagrosug‘urta” AJning Yozyovon tuman bo‘linmasi boshlig‘i D.Tursunboyev (ism-familiyalar o‘zgartirildi) bo‘linma hisobchisi A.Rahmonov hamda jamiyatning Farg‘ona viloyat filiali boshlig‘ining o‘rinbosari B.Hamedov fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta yetishtirish kreditlarining sug‘urta badali uchun o‘tkazib berilgan pul mablag‘larini o‘zlashtirish xususida jinoiy til biriktirishadi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.


Ular 11 ta fermer xo‘jaligiga tegishli tartibda sug‘urta polislarini topshirishadi, qolgan 101 ta fermer xo‘jaligiga esa polislar topshirilmaydi. Ularga ajratilgan 44 mln. so‘m miqdoridagi sug‘urta pullarini esa jinoiy guruh a'zolariga tanish bo‘lgan xususiy korxona va fermer xo‘jaliklarining hisob raqamlariga, sudlanuvchilarning qarindoshlari plastik kartalariga o‘tkazib, talon-taroj qiladilar.

Shuningdek, ular aslida sug‘urta shartnomalari bo‘lmagan 18 nafar fuqaroning go‘yoki zararlarini qoplab berish uchun ularning plastik kartochkalariga 61 mln 555 ming so‘m mablag‘larni tushirib, o‘zaro baham ko‘rishadi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ viloyat filiali boshlig‘ining o‘rinbosari B.Hamidov sug‘urta badallari talon-taroj qilinganini yashirish, 2015 yil 3-choragi hisobotlarining noto‘g‘riligini bilgani holda qabul qilib, tasdiqlash evaziga D.Tursunboyevdan jami 29 mln 500 ming so‘m  pullarni pora sifatida oladi.

Tergov-surishtiruv jarayonida D.Tursunboyev, A.Rahmonov va B.Hamidovning jinoiy qilmishlari hujjatli dalillar, guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlanib, ularga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.
 

Mavzuga oid