O‘zbekiston | 14:59 / 10.11.2016
8191
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda fundamental va amaliy fizika masalalariga bag‘ishlangan xalqaro simpozium boshlandi

Bugun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi majlislar zalida fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalariga bag‘ishlangan xalqaro simpozium ish boshladi. 

Simpoziumda jahonning 26 mamlakatidan 85 nafar fizik olim va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Tadbirni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti akademik Shavkat Salixov va O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Avaz Maraximov qutlov so‘zi bilan ochib bergan. 

Xalqaro simpozium plenar yig‘ilishi “Spektr-Rentgen-Gamma" orbital observatoriyasi professori Rashid Syunyayev ma'ruzasi bilan boshlandi. 

Olim yig‘ilganlarni observatoriya ilmiy dasturi bilan tanishtirdi. Uning ma'ruzasidan dasturning boshlanish tarixi, uning doirasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, kelgusi rejalar haqidagi ma'lumotlar o‘rin oldi.

Ma'ruzada ta'kidlanishicha, “Spektr-Roentgen-Gamma" ilmiy apparati Quyosh Yer tizimining Yerdan 1,5 mln km uzoqlikdagi L2 libratsiya nuqtasiga 3 oy davomida chiqariladi. Mazkur dastur 4 yillik muddatda faoliyat olib boradi. Uning asosiy maqsadi – koinot xaritasini tuzish hisoblanadi. Ushbu xaritada galaktikalarning yirik to‘dalari aks etadi. 

Bu haqida so‘zlab berar ekan, professor Syunyayev koinotning bunday keng masshtabli xaritalarini vaqt bo‘ylab sayohatga qiyosladi. 

Dastur doirasida koinotdagi barcha galaktikalarni kuzatish va o‘rganish nazarda tutilmoqda. Ularning umumiy soni taxminan 100-150 mingtani tashkil etadi. 

Ma'ruza yakunida professor Syunyayev O‘zbekistondagi Maydanak observatoriyasining kosmik kuzatuv imkoniyatlari haqida so‘z yuritib, o‘zbekistonlik astrofizik olimlarni ham ushbu keng qamrovli loyihada ishtirok etishga chorladi. 

Navbatdagi ma'ruzachi – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, professor Shuhrat Egamberdiyev o‘z so‘zini O‘zbekistonning ilmiy salohiyati, asrlar davomida to‘plangan boy ilmiy merosi haqidagi ma'lumotlar bilan boshladi. Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” jadvali, Samarqandda o‘rta asrlarda tashkil etilgan observatoriyaning jahonda astrofizika rivojiga qo‘shgan hissasi yana bir karra ta'kidlandi. Professor Egamberdiyevning ma'ruzasi Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan Maydanak observatoriyasi faoliyati, unda olib borilayotgan astrofizik tadqiqotlar mavzusiga bag‘ishlandi.

Janubiy koreyalik fizik olim, professor Li Boom Xunning ma'ruzasi esa so‘nggi yillarda dolzarb va qiziqarli mavzuga aylangan golografiya (predmetlarning 3D o‘lchamdagi tasvirlarini aks ettirish) va bu sohada nazariy fizikadagi so‘nggi tadqiqotlarga bag‘ishlandi.

Ta'kidlash joizki, mazkur xalqaro simpozium o‘zbekistonlik olimlarning xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, fan va texnologiyalar sohasining eng so‘nggi yutuq va yangiliklaridan xabardor bo‘lishga qulay imkoniyat bo‘lish bilan bir qatorda, yoshlarning ilmiy salohiyatini rag‘batlantirish va ilmiy faoliyatga qiziqishini orttirish kabi maqsadlarga xizmat qiladi. 

Mavzuga oid