O‘zbekistonda fizikani rivojlantirish va uni keyingi bosqichga ko‘tarish uchun ilmiy maktablar, moddiy-texnik baza va kadrlar yetarlimi? Shu kabi savollarga javob izlab, fizika yo‘nalishida eng yirik muassasalardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti 2017 yil qayta tashkil etilgan bo‘lib, institutning asosiy yo‘nalishlari materialshunoslik, fizikaviy elektronika, ion-plazma jarayonlari, lazer texnologiyalari, optika, issiqlik fizikasi va yuzadagi jarayonlarni o‘rganishdan iborat.

Institut misolida, fizika yo‘nalishida tadqiqotlar olib borish uchun infratuzilma, fanning sanoat tarmoqlari bilan amaliy hamkorligi, o‘zbek fanida istiqbolli yo‘nalishlarga yondashuv, ilmiy maktablar yaratilishi va chet elda ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan vatandoshlarni o‘zbek faniga jalb qilish bilan yaqindan tanishamiz.
Infratuzilma
Hukumat qarori asosida 2017-2020 yillarda institut binosi to‘liq kapital ta'mirlandi. Zamonaviy ilmiy asboblar xarid qilish uchun 2,8 mln AQSh dollari ajratilgan bo‘lib, bugungi kungacha 2,5 mln dollarlik asbob-uskuna xarid qilindi.
Institutda zamonaviy analitik qurilmalar parki shakllangan va ko‘p qurilmalar O‘zbekistonda yagona bo‘lgani sababli institut qoshida ushbu qurilmalarni jalb qilgan holda “Jamoaviy foydalanish markazi” tashkil etilgan.
Institutning yetakchi olimlaridan biri professor Vladimir Rodshteyn muassasadagi zamonaviy analitik qurilmalar faoliyati bilan tanishtirdi.
“Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 iyundagi 366-sonli qaroriga binoan Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti qoshida institutning ilmiy qurilmalardan jamoaviy foydalanish markazi tashkil qilindi. Undan maqsad Fanlar akademiyasi va Oliy ta'lim muassasalarining yuqori texnologik, ilmiy analitik qurilmalarda tadqiqot o‘tkazishga bo‘lgan talabini qondirishdan iborat edi.

Masalan, “Eyjilent” kompaniyasiga tegishli gaz xromatografida institutda olingan kunlik namunalar tahlil qilinadi. Shuningdek, boshqa tashkilotlardan ham tahlil uchun buyurtmalar olamiz.


















