O‘zbekiston | 16:14 / 11.11.2016
38666
3 daqiqa o‘qiladi

Belgiya senatining sobiq rahbari o‘zbekistonlik tadbirkor Shodiyev bilan aloqalarda gumon qilinmoqda

Belgiya senatining sobiq spikeri Armand de Deker «Islohotchilar harakati» (MR) partiyasining axloq qo‘mitasi majlisiga chaqirilgan. Mahalliy OAVda Dekerning Fransiya hukumatidan 740 ming yevro mablag‘ olgani haqida paydo bo‘lgan xabarlar sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, rasmiy Parij o‘zbekistonlik tadbirkor Fattoh Shodiyevning Belgiyada jinoiy javobgarlikka tortilmasligiga yordam bergan Dekerga shuncha miqdorda xizmat haqi bergan. 

Belgiyaning Le Soir va Fransiyaning Mediapart internet portalining yozishicha, de Deker 2011 yili Belgiya adliya vaziriga bosim o‘tkazib, zudlik bilan Shodiyevdan jinoiy ayblovlar, xususan korrupsiya bo‘yicha ilgari surilgan ayblovlarni bekor qilishni talab qilgan. OAV xabariga ko‘ra, de Deker bunda Yelisey saroyi ko‘rsatmasi bo‘yicha ish tutgan. Fransiya o‘sha vaqtda Qozog‘istonga Airbus vertolyotlarini sotish borasida muzokaralar olib borgan. Taxminlarga ko‘ra, Shodiyev Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan yaxshi aloqada bo‘lgan va Fransiya shartnomasiga amaliy yordam bergan. 

Shodiyevga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar rekord muddatda bekor qilingach, Fattoh Shodiyev Bryusselga 23 mln yevro jarima to‘lagan, Yelisey saroyi esa de Dekerga 740 ming yevrolik chekni tutqazgan. De Dekerning o‘zi adliya vaziriga bosimni inkor etmagan bo‘lsa-da, Nikolya Sarkozi bo‘lgan vaqtdagi Fransiya hukumati aloqasini rad etgan. Ayni vaqtda, fransuz huquq-tartibot idoralari Airbus Qozog‘iston bilan shartnoma imzolash jarayoni bo‘yicha surishtiruv olib bormoqda. 

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik, Qozog‘iston tadbirkori, milliarder Fattoh Shodiyev, 1997 yildan Belgiya fuqarosi ham hisoblanadi. 1992 yilda Aleksandr Mashkevich va Alijon Ibrohimov bilan birga Eurasian National Resources Corporation (ENRC)ga asos solgan. Bu kompaniya foydali qazilmalarni qazib olish va boyitish bilan shug‘ullanadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid