Sport | 11:59 / 15.11.2016
6748
2 daqiqa o‘qiladi

Argentina terma jamoasi sobiq murabbiyi Messiga maslahat berdi

Ispaniyadagi nashrlarda «Barselona» hujumchisi Lionel Messi jamoa bilan shartnomasini uzaytirmoqchi emasligi haqidagi xabarlar butun dunyo jamoatchiligi e'tiborini o‘ziga tortdi. Bu xabarga Argentina terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi, «albiseleste»ni 1978 yilda jahon chempioniga aylantirgan Sesar Luis Menotti ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«Men Messiga yangi klub qidirmasdan, «Barselona»da baxtiyor bo‘lishda davom etishni maslahat qilaman. Messi va «Barselona» futbolda katta muvaffaqiyatlarga erishdi, unga boshqacha futbol falsafasi to‘g‘ri kelishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Men Messi o‘zini bundan ham yaxshiroq his qilishi mumkin bo‘lgan boshqa joyni ko‘rmayapman», — deya Menottining so‘zlarini keltirgan Catalunya Ràdio.

Bundan oldinroq Messining atrofidagi manbalar uning jamoa bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortgani haqidagi xabarlarni inkor etib chiqdi. Keyinroq u jamoa bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni Yangi yildan keyin boshlashi haqida ma'lumot paydo bo‘ldi.

Futbolchining amaldagi shartnomasi muddati 2018 yilning yoziga qadar tuzilgan.

Mavzuga oid