Jamiyat | 19:44 / 16.11.2016
5428
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik tadbirkorlar Xitoydagi “Canton Fair” ko‘rgazmasida ishtirok etishdi

Azaldan ota-bobolarimiz Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xitoy davlati bilan do‘stona aloqada bo‘lib kelgan. Qadimiy Movarounnahr va Chin yurti o‘rtasidagi o‘zaro savdo-sotiq aloqalari, yaqin hamkorlik munosabatlari, madaniy hayotdagi yaqinligi bugungi sharoitda ular o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yangicha ko‘rinishda rivojlantirib, mustahkamlashga to‘liq asos bo‘la oladi. Bugungi kunda bu hamkorlik munosabatlari yangi mazmun bilan boyib, barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. 

Birgina, Xitoyda o‘tkaziladigan “Canton Fair” Xalqaro ko‘rgazmasi ham davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir ko‘rinishidir. Yurtimiz tadbirkorlarining har yili bu yarmarkada faol ishtirok etib, joriy yilda ham yosh tadbirkorlardan iborat “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati delegatsiyasi 28 oktabr - 7 noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytdilar.

Qisqacha Kanton yarmarkasi deb nomlanadigan ushbu ko‘rgazmada Xitoy dunyoga o‘z eshiklarini ochib, ishlab chiqarish salohiyatini taklif etadi. Ko‘rgazma Guanchjou shahrida bir yilda ikki marotaba – bahor va kuzda o‘tkaziladi. Kanton ko‘rgazmasi o‘zining 59 yillik tarixi davomida xalqaro savdoning majmuaviy va tantanali ko‘rgazmasiga aylandi. Xitoyning xalqaro savdo ko‘rgazmalari orasida bu ko‘rgazma eng ko‘p yillik tarix, eng yuqori daraja hamda eng yirik miqyos va mahsulotlarning eng katta assortimentiga ega. Ko‘rgazmaga dunyoning ko‘plab davlatlari va mintaqalaridan ko‘p sondagi tadbirkorlar tashrif buyuradi hamda hamkorlik bitimlari tuzish bo‘yicha eng samarali ko‘rgazma hisoblanadi. 2007 yildan bu ko‘rgazmada nafaqat Xitoy kompaniyalari, balki boshqa davlatlar vakillari ham ishtirok etishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan, bu esa tashqi savdoning rivojlanishiga ko‘mak bermoqda.

120-marotaba bo‘lib o‘tgan Xalqaro ko‘rgazmaning O‘zbekistondagi delegatsiya tarkibiga “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazilgan tadbirkorlik loyihalarida ishtirok etib, hozirda tadbirkorlik faoliyatini muvaffaqiyatli boshlagan 12 nafar yosh tadbirkor va 2 nafar Harakatning Markaziy Kengashi mas'ul xodimlari kiritildi.

Delegatsiya dastlab, Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib, safar dasturiga asosan ishtirokchilarning Buyuk Xitoy devoriga sayohati uyushtirildi. Undan so‘ng delegatsiya Guanchjou shahridagi yirik ishlab chiqarish korxonalari, import va eksport mahsulotlarining “120-Santon fair” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi. 

“200 ta davlatdan 200 mingga yaqin tadbirkorlar ishtirok etadigan ushbu Xalqaro ko‘rgazmada har yili rasmiy delegatsiyalari tarkibida 300 ga yaqin o‘zbekistonlik yirik tadbirkorlar ma'lumotlar almashish va do‘stona hamkorlik yuritish maqsadida tashrif buyuradilar. Yurtimiz tadbirkorlarining har yili bu yarmarkaning ikkala sessiyasida ham faol ishtirok etishlarini alohida ta'kidlab o‘tish joiz. Bu yilgi ko‘rgazmada esa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkaziladigan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihasi hamda “Mening biznes g‘oyam” tanlovida g‘olib bo‘lgan yosh tadbirkorlarimiz uchun tajriba almashish imkoni yaratildi. Bu ham bo‘lsa yosh tadbirkorlarimizga e'tibor yildan-yilga ortib borayotganidan dalolatdir”, deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi xodimi Feruz Ablayarov.

Yosh tadbirkorlar ko‘rgazma doirasida trikotaj va oyoq kiyim ishlab chiqarish asbob-uskunlari va mahsulotlari, idora mollari, tibbiyot jihozlari, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, o‘ndan ortiq yirik ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurib, ushbu mahsulotlarning ishlab chiqarish jarayonlari va yangi texnologiyalari to‘g‘risida ma'lumot oldilar. 

Xususan, ““Guangzhou Huahao nonwoven fabric Co.,Ltd”, “Italy bosline clothing Co., Ltd”, “Guangzhou KYPAL Garment Co. Ltd” (tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish), ““Huainan liyuan sports goods Co.,Ltd”, “Shenzhen LDK industrial Co., Ltd”, “Qingdao Ableman Leisure Sports Goods Co. Ltd” (sport mahsulotlarini ishlab chiqarish), “Guangzhou Qingfeng Electronics Co. Ltd” (zamonaviy atraktsionlar ishlab chiqarish) hamda oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari ishlab chiqarish kabi o‘ndan ortiq korxonalarga tajriba almashish va yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘rganish maqsadida sayohatlar tashkil etildi.

Tashrif yakunida yosh tadbirkorlar tomonidan xorijiy korxonalar bilan birgalikda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar belgilandi.

“Men “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihasida g‘olib bo‘lganimdan so‘ng imtiyozli kredit olib, dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Hozirda korxonamizda 7 turdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda va bu faoliyat turimni yanada kengaytirish istagidaman. Xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etishim faoliyatdagi tajribamni yanada orttirishga xizmat qildi. Endilikda xorijiy korxonalardan biri bilan dori vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha, yangi texnologiyalarni olib kelish borasida hamkorlik qilish niyatidaman”, deydi navoiylik yosh tadbirkor Shohrux Sharopov.

Namanganlik yosh tadbirkor Akbar Ziyabayev ham “120-Canton fair” xalqaro ko‘rgazmasidan katta taassurotlar bilan qaytdi: “2014 yilda Namangan shahrida sport va meditsina jihozlari ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatimni boshlaganman. Xalqaro ko‘rgazmada aynan Xitoy tajribasini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldim. Ya'ni, sport mahsulotlarini ishlab chiqaradigan “Qingdao Ableman Leisure Sports Goods Co. Ltd” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, korxona rahbari bilan kelgusida istiqbolli shartnoma imzolashga kelishib oldik. Bu ham bo‘lsa mahsulotlarimizning yanada sifat jihatdan yaxshilanishiga xizmat qilishiga ishonaman”.

Bir so‘z bilan “120-Canton fair” xalqaro ko‘rgazmasi yurtimiz yosh tadbirkorlari uchun tajriba va taassurot ulashib, yangi rejalarga turtki bo‘ldi, deyish mumkin. Milliy qadriyatlarni o‘zining hayot tarzida aks etgan xalqning tadbirkorlik sohasida ham kelajagi buyukdir. Shunday ekan, yurtimiz yosh tadbirkorlari nafaqat Xitoy balki, boshqa dunyo mamlakatlari bilan ham samarali hamkorlik aloqalarini izchil olib boradilar.

Shohida Eshmamatova
Respublika yoshlar tadbirkorligini 
qo‘llab-quvvatlash Markazi 
xodimi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid