Sport | 19:07 / 18.11.2016
14398
9 daqiqa o‘qiladi

Maradonadan, Anzur Ismoilovgacha. Faoliyatiga doping to‘siq bo‘lgan mashhurlar

Bugun UYeFA TsSKA futbolchisi Roman Yeryomenkoni kokain qabul qilgani uchun ikki yilga futboldan chetlashtirildi. Futbol olamida yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘lgan mazkur voqeadan so‘ng Tribuna.Uz futbolchilik faoliyatining bir tekisda kechishiga taqiqlangan moddalar iste'mol qilgani sabab bo‘lgan mashhur futbolchilarni yodga solib o‘tdi.

DIYeGO MARADONA (1991, 1994, 1997 yillar)

1986 yilgi jahon chempioni, JCh-90 finalchisi, bir so‘z bilan aytganda terma jamoa tarixidagi tengsiz futbolchi. Dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri 1991 yilda qonidan kokain moddasi topilgach, Italiya politsiyasi tomonidan qo‘lga olingandi. Argentinalik futbolchi 15 oyga diskvalifikatsiya qilingan, keyinroq esa giyohvand moddalarni saqlagani uchun shartli jazo olgan va «Napoli»ni tark etib, «Sevilya»ga, keyin vataniga qaytib «Nyuellz Old Boyz»da to‘p surgandi. Ammo, u oldingi darajasiga chiqa olmadi.

JCh-1994 bahslarining Nigeriyaga qarshi ikkinchi uchrashuvdan (2:1) keyin o‘tkazilgan doping-test Maradonada ijobiy natijani ko‘rsatgandi. Unda bir yo‘la beshta taqiqlangan modda topilgandi: efedrin, norefedrin, psevdoefedrin, norpsevdoefedrin va metilefedrin. Futbolchi yana 15 oyga diskvalifikatsiya qilindi va terma jamoaga boshqa qaytmadi.

U keyinchalik 2 marta «Boka Xuniors» bilan shartnoma tuzdi, biroq 1997 yil 24 avgustda doping nazoratida uning qonidan yana kokain moddasi topilib, bu tekshiruv davom etayotganda 30 oktabr kuni jarohat oldi va qaror chiqmasidan oldin futbolchilik faoliyatini yakunlaganini ma'lum qildi.

 

ADRIAN MUTU (2004, 2010)

«Inter», «Verona», «Parma», «Chelsi», «Yuventus» va «Fiorentina» jamoalari safida to‘p surgan ruminiyalik boshqa bir sport qoidalarini buzgan Adrian Mutu qonidan ham kokain moddasi topilgandi. U 2004 yilda Joze Mourino boshchiligidagi «Chelsi» safida to‘p surgan paytlarida shu muammoga aralashib qolgandi.

Futbolchi 7 oylik diskvalifikatsiya, AFA tomonidan 20 ming funt sterling jarimaga tortildi. Shu bilan birga «Chelsi» FIFA orqali  Mutu talab qilgan 9,6 million funt (12 million yevro) tovon puli to‘lashdan qutulib qolgandi. Futbolchi Lozannadagi Sport arbitraj sudi murojaat qildi. Biroq sud FIFA qarorini kuchida qoldirdi va jarima miqdorini 17,2 million yevrogacha oshirdi.

Mutu 2010 yil yanvarida «Fiorentina» safida o‘ynab yurgan paytlarida uning qonidan semizlikka qarshi va to‘yinganlik hissini beruvchi dori sifatida qabul qilinuvchi, antidoping agentligi tomonidan sportda qo‘llash taqiqlangan sibutramin moddasi topilgan. Natijada Mutu yana 9 oyga futboldan chetlatilgandi.

Ammo bu bilan u faoliyatini yakunlagani yo‘q. Mutu Italiyaning boshqa bir jamoasi «Chezena»da bir mavsum to‘p surdi. Mavsum yakunida jamoa A seriyani tark etganch, Adrian Fransiyaning «Ayachcho» klubi safiga borib qo‘shildi. Fransiya chempionatida u Ibrahimovichdan ko‘proq gol urishga va'da bergandi. Lekin buni uddalay olgani yo‘q. Keyinchalik mahalliy chempionatda va hattoki Hindistonda o‘zini sinab ko‘rgan futbolchi oldingi darajasiga chiqa olmadi.

 

ABeL ShAVeR (2005)

Abel Shaver Mozambik terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi, futbol olamiga o‘zining mashhur soch va soqol turmaklari bilan tanilgan. Shuningdek, Yevro-2000 musobaqalari yarim finalida Fransiya terma jamoasiga qarshi uchrashuv so‘nggida Portugaliya darvozasiga kirib ketayotgan to‘pni qo‘li bilan to‘sib qolgan holda qaytarib ham nom chiqargandi. O‘shanda penalti belgilanishidan portugaliyaliklar qattiq g‘azablanib avstriyalik hakam Benkoga tashlanishgandi. Natijada, Abel Shaver bu harakati uchun 9 oyga, Nunu Gomesh – sakkiz, Paulu Bentu – olti oyga futboldan chetlatilgandi.

Ammo bu futbolchining faoliyatidagi UYeFA tomonidan berilgan so‘nggi jazo bo‘lib qolmadi. 2005 yilning kuzida Abel «Midlsbro» safida o‘ynab yurgan kezlari edi.O‘shanda UYeFA Kubogining «Ksanti» jamoasiga qarshi uchrashuvidan keyin futbolchi doping nazoratidan o‘tgan va uning qonidan mushaklar kuchini oshirishga mo‘ljallangan metandiyenon moddasi topilgandi. Futbolchi buni inkor qilsada, bir yarim yilga futboldan chetlatildi. Bu Angliya premer-ligasi tarixida futbolchi ilk bor giyohvand modda emas, kuchaytiruvchi preparatlardan foydalanib diskvalifikatsiya qilinishi edi.

Abel Shaver o‘sha paytda 33 yoshda edi. Kelgusi yil yozda u «Midlsbro» bilan shug‘ullanib yangi shartnoma imzoladi. Mayda esa MLS vakili «Los-Anjyeles Gelaksi»ga safiga o‘tdi. U yerda Rud Gullit bosh murabbiy bo‘lgach Shaverga javob berib yubordi. Bu so‘nggi nuqta degani edi.

 

SAADI QAZZOFIY (2003)

Liviya rahbarining Muammar Qazzofiyning o‘g‘li yuqori darajali futbolchilar safiga kirmaydi. Ammo shunga qaramay Saadi A seriyaning uchta jamoasida – «Perudja», «Udineze» va «Sampdoriya» jamoalarida ro‘yxatdan o‘tgan va umumiy hisobda ikkita uchrashuvda maydonga tushgan. «Perudja» xo‘jayini uni prezident Silvio Berluskoning iltimosiga ko‘ra, Italiya va Liviya mamlakatlari munosabatini yaxshilash maqsadida jamoasiga taklif qilgan.

Ammo liviyalik mashhur shaxs maydonga tushmasdan turib nandrolon moddasi iste'mol qilgani aniqlangan va uch oyga chetlatilgandi. Uning futboldagi yulduzlik davri «Perudja» safida «Yuventus»ga qarshi uchrashuvda 15 daqiqa maydonda to‘p surgani bo‘lgan.

 

ALeKSANDR RIBKA (2012)…

2011 yilning oktabr oyida «Shaxtyor» darvozaboni Aleksandr Ribko terma jamoada debyut qildi. Oldinda uni o‘z uyida bo‘lib o‘tadigan Yevro kutib turgandi. Biroq yanvarda uning qonidan yurakni quvvatini oshiruvchi furosemid preparati topildi. Futbolchining o‘zi bu moddani ozish uchun iste'mol qilganini ta'kidlashicha qaramay, UYeFA Ribkani 2 yilga rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etishini taqiqladi. Avgustda futbolchi «Shaxtyor»ni tark etdi. Hozir u 29 yoshda «Dinamo» Kiyevning zaxirasiga muqim o‘ringa joylashgan.

va boshqalar... MAMADU SAKO.

 

Bundan tashqari, Mamadu Sako ham Yevro-2016dan oldin taqiqlangan modda iste'mol qilgani aniqlandi, biroq bir oydan keyin yana qaytdi. Lekin u Yevropa chempionatini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.

Albatta, doping bilan qo‘lga tushib faoliyatini keyinchalik barqaror davom ettirganlar ko‘plab topiladi. Misol uchun Gvardiola o‘z vaqtida 4 oyga chetlatilgan. «Shaxtyor»ning braziliyalik futbolchisi Fred ham 1 yilga chetlatilgan. Rio Ferdinand esa oddiy vaziyatda o‘ziga shunday tashvish orttirib olgandi. 2003 yilning sentabrida «Manchester Yunayted» himoyachisi mashg‘ulotlardan keyin doping nazorati bo‘lishini esdan chiqargan va do‘konga borgan, doping nazorat esga tushganida esa kech bo‘lgandi. Yakunda 8 oylik diskvalifikatsiya 50 ming jarima to‘lagan. Bu Yevro-2004 musobaqalarining o‘tkazib yuborishiga ham sabab bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Anzur Ismoilov ham o‘z vaqtida doping nazoratidan o‘ta olmagan va 5 oy futbol o‘ynay olmagandi. Biroq keyinchalik Anzur uchun barchasi ortda qolgan va u hamon terma jamoamizning ishongan himoyachilaridan biri bo‘lib turibdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid