Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining ulkan salohiyatidan to‘la foydalanish haqida so‘z yuritdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili, O‘zbekiston xalq shoiri M.Toir ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma'ruza qildi.
Dasturning pirovard maqsadi – mamlakatimizda rivojlangan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, odamlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, hayot sifatini yanada yuksaltirishdir. Buning uchun davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan uning samaradorligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, mahalliy byudjyetlarning moliyaviy mustaqilligini ta'minlash, qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiy va maishiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov belgilab bergan prinsiplarga amal qilgan holda tinchlikparvar siyosat yuritish, hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi qayd etilgan.
Toshkent viloyati ulkan iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatga, boy tabiiy va insoniy resurslarga ega viloyat sifatida O‘zbekiston hayotida alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining qariyb 15 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 12 foizdan ziyodi, iqtisodiyotimizga jalb etilayotgan investitsiyalarning 10 foizi, yalpi ichki mahsulotning 9,7 foizi ayni shu viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston metallurgiya kombinati, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “Jyeneral motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan avtomobil dvigatellari zavodi, Yangi Angren hamda Toshkent issiqlik elektr stansiyalari va boshqa yirik sanoat korxonalari mamlakatimiz iqtisodiyotining lokomotivlari hisoblanadi.
Uchrashuvda Toshkent viloyatining ushbu ulkan salohiyatidan to‘la foydalanish, uni yanada rivojlantirish haqida ham so‘z yuritildi.
Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatning barcha shahar va tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Mehnat faxriysi U.Mirzaqulov, "Maksam Chirchiq" aksiyadorlik jamiyati qoshidagi madaniyat saroyi direktorining o‘rinbosari L.Filippova, Angren shahridagi 14-umumta'lim maktabi direktori N.G‘afurova, O‘zbekiston koreys milliy madaniyat markazlari assotsiatsiyasi rahbari V.Pak, Olimpiya o‘yinlari chempioni F.G‘oyibnazarov, Bo‘stonliq tumanidagi "Burchmulla" o‘rmon xo‘jaligi direktori A.Abdujamilov, Parkent tumanidagi "Norchontol" fermer xo‘jaligi rahbari A.Abduyunusov, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati Bekobod shahar kengashi raisi R.Rahmonov va boshqalar mamlakatimiz rivoji har bir sohada namoyon bo‘layotgani, odamlarning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol qatnashishga chaqirdi.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024